Kun.uz muxbiri o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida yuzaga kelayotgan shu kabi mojarolar, ta’limda kuch ishlatish fenomeni, O‘zbekistonda o‘qituvchilar tayyorlashdagi sifat masalalari atrofida intervyu o‘tkazdi.

Intervyu mehmonlari ta’lim ekspertlari – Bahodir G‘aniyev, Ulug‘bek Qosimxo‘jayev va Toshkentdagi “Erudit” xususiy maktabi direktori Gulbahor Muratova bo‘ldi.

— So‘nggi paytlarda maktablarda o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasida ziddiyatli vaziyatlarga ko‘p guvoh bo‘lyapmiz. Bu oxirgi yillarda ko‘paygan holatmi yoki axborot va ijtimoiy tarmoqlar rivojlanishi bilan bog‘liqmi?

Ijtimoiy tarmoqlar rivoji bilan bu holatlarni ko‘rayotgandirmiz. Lekin mana shunday ziddiyatli vaziyatlarning yuzaga kelish sabablari, umuman, bunday keskinlik sabablari nima?

Ulug‘bek Qosimxo‘jayev:

— Yoshlarning katta avlod bilan qaysidir darajada dunyoqarashi to‘g‘ri kelmasligi ko‘p jamiyatlarni o‘ylantiradi. Biz o‘qigan 90-yillarda ham qandaydir ziddiyatlar bo‘lardi. Lekin o‘sha paytda internet rivojlanmagan, hammada telefon bo‘lmagan, shuning uchun har bitta holatga e’tibor bo‘lmagan, menimcha. Shu bilan bir qatorda, bu muammo mavjud va uning bir nechta ildizlari bor. Fikrimcha, asosiy muammolardan biri shuncha yildan buyon ta’lim tizimiga e’tibor kam bo‘lgani. Aksariyat o‘qituvchilar auditoriyani boshqara olmaydi, bilimlarni qiziqarli yetkazib berolmaydi. Yana bir muammo – 1,2 mln o‘quvchiga yetarli darajada maktablar yo‘q. Bir sinfda 40-45 bola o‘qisa, bunday auditoriyani boshqarish qiyin masala.

Ochiqlik, so‘z erkinligi davriga o‘tdik, deyapmiz, shu narsa jamiyatga va aynan maktablarga ham ta’sir qilyapti. Maktab o‘quvchilari internet orqali jahonda nima bo‘layotganini ko‘rishyapti, qaysidir tarmoqdagi narsalarga taqlid qilmoqchi ham bo‘lyapti.

Bahodir G‘aniyev:

— Men 4 ta sabab ko‘rsatgan bo‘lardim. Birinchisi — bolalar tarbiyasi bilan ota-onalar shug‘ullanishi tobora kamayib boryapti, ular malakasiz. Ya’ni o‘z ota-onasi bolaga ta’sir qilmay qo‘ygan holatlar ko‘p. Masalan, o‘zim kecha darsga yaxshi qatnashmaydigan, xalaqit beradigan o‘quvchining ota-onasi bilan gaplashdim. Uyda profilaktika bo‘lmasa, qo‘shimcha shug‘ullanilmasa, bolani yil oxirida maktabdan chetlatishga majbur bo‘lishimizni aytdim. Bola faqat o‘zi emas, sinfni ham orqaga tortadi.