12:22 / 13.02.2023
9007

Isroil G‘azodagi HAMAS obektiga zarba berdi

Falastinning o‘qqa tutishiga javoban Isroil havo kuchlari HAMAS nishonini bombardimon qildi. Avvalroq Isroil tomon raketa otilgandi. 

Foto: Picture Alliance

Isroil samolyotlari 13 fevral, dushanbaga o‘tar kechasi G‘azo sektoridan otilgan raketalarga javoban HAMAS harakati raketalar ishlab chiqarish uchun xomashyo saqlagan yerosti majmuasiga hujum qildi. Qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan. Isroil yerosti majmuasiga hujum o‘tgan hafta oxirida G‘azodan otilgan raketaga javob bo‘lganini aytdi. Falastinliklar bu otishma uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. 

13 fevralga o‘tar kechasi Isroil janubida havo trevogasi sirenalari yana yangradi. 11 fevral oqshomida G‘azo sektoridan Isroilga qarata otilgan raketa Isroil havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan tutib olindi. Qurbonlar va vayronalar haqida ma’lumotlar yo‘q. Isroil armiyasining bildirishicha, G‘azo sektoridagi hukmron HAMAS ushbu mintaqa hududidan chiqayotgan barcha harakatlar uchun javobgardir. 

Taxminan bir hafta oldin Isroil samolyotlari G‘azo sektoriga xuddi shunday zarbalar bergan edi. Isroil va Falastin hududlarida keskinlik bir necha haftadan beri davom etmoqda. Bu yil to‘qqiz nafar isroillik va bir ukrainalik ayol hujumlar oqibatida halok bo‘ldi. Deyarli bir yil avval hujumlar to‘lqini boshlanganidan beri Isroil armiyasi G‘arbiy sohilda deyarli har kuni amaliyotlar o‘tkazmoqda. Birgina joriy yilning o‘zida 40 dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. 

Isroil 1967 yilda G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddus ustidan harbiy nazorat o‘rnatdi. Bugungi kunda u yerda 600 mingdan ortiq yahudiy ko‘chmanchilari istiqomat qiladi. Falastinliklar poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil davlat yaratmoqchi bo‘lgan bu hududlarga da’vo qiladi. 

Mavzuga oid
Top