
21 yanvar kuni Isroilning G‘azoga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida 11 nafar falastinlik, jumladan ikki nafar bola va uch jurnalist halok bo‘ldi, yana olti kishi jarohatlangan.
G‘azo sog‘liqni saqlash idorasi direktori Munir al-Burshning Al-Jazeera'ga aytishicha, chorshanba kuni ularning avtomobili nishonga olingan paytda halok bo‘lgan fotomuxbirlar Misrning G‘azoga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qo‘mitasi uchun ishlagan. Mazkur qo‘mita Misrning G‘azodagi gumanitar faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Xususan, jurnalistlar Anas G‘unaym, Abdul Ra’uf Shaat va Muhammad Qeshta G‘azoning markaziy qismida, «Netzarim yo‘lagi» deb ataluvchi hudud yaqinida Isroil zarbasiga uchragan. Ushbu hujumda yana bir kishi ham halok bo‘lgan.
Internetda tarqalgan video lavhalarda yo‘l chetida yonib ketgan, bombalangan avtomobil ko‘rinadi, vayronalar orasidan hali ham tutun ko‘tarilib turgan.

Qo‘mita matbuot kotibi Muhammad Mansurning Associated Press'ga aytishicha, jurnalistlar yangi tashkil etilgan ko‘chirilganlar lagerini tasvirga olayotgan bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarba Isroil nazoratidagi hududdan taxminan 5 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan. Isroil harbiylari mashina Misr qo‘mitasiga tegishli ekanini bilgan.
Isroil armiyasi radiosiga ko‘ra, harbiylar avtomobildagi shaxslar armiya kuchlari haqida razvedka ma’lumotlarini yig‘ish uchun drondan foydalanganini da’vo qilmoqda.
Jurnalistlarga hujum










