18:21 / 14.02.2023
3385

Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibining maxsus vakilini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha BMT bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi rahbari lavozimidagi missiyasini yakunlayotgan Natalya Germanni qabul qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyoda konstruktiv muloqot va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalarida BMTning Mintaqaviy markazi va boshqa tuzilmalari bilan samarali hamkorlik qilinayotganini alohida qayd etdi.

Keyingi bir necha yilda mamlakat tashabbusi bilan va butun xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda Bosh assambleyaning mintaqadagi sheriklikning eng dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan to‘rtta rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Markazning bevosita ishtirokida O‘zbekistonda bir qator yirik xalqaro forum va uchrashuvlar birgalikda tashkil etildi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo yetakchi ayollarining muloqoti va Yoshlar uchun preventiv diplomatiya akademiyasi platformalari ishga tushirildi.

Natalya German O‘zbekiston prezidentiga mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhitini mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilgan muhim tashabbuslari uchun minnatdorlik bildirdi.

BMTning yuqori darajali vakili o‘zining yangi - Birlashgan millatlar Xavfsizlik kengashining Terrorizmga qarshi kurashish qo‘mitasi Ijroiya tuzilmasi rahbari lavozimida O‘zbekiston bilan mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi yaqin hamkorlik bundan buyon ham davom etishiga ko‘maklashishini ta’kidladi.

Top