10:05 / 07.03.2023
3828

Germaniya va Ukraina hakerlarga qarshi birgalikda operatsiya o‘tkazdi

Germaniya va Ukraina politsiya xizmatlari Yevropol, FQB va Niderlandiya ko‘magida bir necha yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro hakerlar guruhi bo‘yicha tintuvlar o‘tkazdi. Ishda gumonlanuvchilar orasida rossiyaliklar ham bor.

Foto: newsunrolled

Germaniya va Ukraina politsiya xizmatlari DoppelPaymer to‘lov dasturidan foydalangan holda keng ko‘lamli kiberhujumlarni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan Double-Spider guruhi hakerlariga qarshi birgalikda operatsiya o‘tkazdi. 28 fevral kuni Shimoliy Reyn-Vestfaliya jinoiy idorasi va Ukraina milliy politsiyasi Yevropol, Niderlandiya politsiyasi va AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) ko‘magida ikki mamlakatda yirik miqyosda operatsiyani amalga oshirdi, deya xabar berdi 6 mart, dushanba kuni Dyusseldorfdagi Germaniya idorasi va Yevropol.

Shimoliy Reyn-Vestfaliya jinoiy idorasi vakillarining matbuot anjumanida ta’kidlashicha, o‘sha kuni Germaniya va Ukrainada tintuvlar o‘tkazilgan, dalillar olinib, gumondorlar so‘roq qilingan. Shu munosabat bilan uch kishini hibsga olish uchun orderlar mavjud, biroq ular Yevropa adliya organlaridan uzoqda ekani bois hali hibsga olinmagan. Qayd etilishicha, fuqaroligi noma’lum bo‘lgan 41 yoshli rossiyalik va 32 yoshli erkak bir necha jinoyat sodir etgan. Qo‘shma Shtatlar rossiyalikni hibsga olishga yordam berganlarga 5 million dollar mukofot e’lon qildi, deb xabar berdi Shimoliy Reyn-Vestfaliya jinoiy idorasi. Bundan tashqari, Double-Spider jinoiy tarmog‘ida administrator bo‘lib ishlagan Rossiya fuqarosini hibsga olish uchun order berilgan.

O‘z navbatida, Yevropol ikki nafar rossiyalik - 31 yoshli Igor Garshin va 41 yoshli Igor Turashev Germaniya iltimosiga ko‘ra Yevropada alohida qidiruvga berilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilganini ma’lum qildi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ikkalasi ham Yoshkar-Olada yashashi mumkin. Garshinning Yevropol veb-saytidagi kartasida qayd etilganidek, u nemis kompaniyalariga kiberhujumlarda faol ishtirok etgan, kuzatuv, tizimlarga kirish va jabr ko‘rgan firmalarning ma’lumotlarini shifrlash bilan shug‘ullangan. O‘z navbatida, Turashev hujumlarni amalga oshirgan tarmoq administratori bo‘lgan va nemis kompaniyalariga kiberhujumlarda asosiy gumondor hisoblanadi, deyiladi Yevropol saytida.

Tergov jami 11 nafar gumonlanuvchini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi, ular Ukraina, Germaniya, Rossiya va Moldovada istiqomat qiladi, deyiladi xabarda.

Top