13:12 / 13.03.2023
44323

Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda O‘zbekiston kim tarafda turishi haqida gapirdi

Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Termiz shahrida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari sessiya davomida tashqi siyosatdagi ayrim holatlar, O‘zbekiston kim tarafda turishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Sizlar bilinglar: zamon juda murakkab. Hozir katta-katta davlatlar: «O‘zbekiston, sen kim tarafda. Bo‘ldi endi, neytral bo‘lib yurishing bo‘ldi, yo u tomonga o‘tgin, yo bu tomonga o‘tgin», deya qattiq-qattiq aytib, vakillari ham kelib shunga da’vat qilyapti. «O‘rta Osiyoda O‘zbekiston bizga kerak, 36 million bo‘ldi, 3-4 yilda 40 million bo‘ladi, katta davlat bo‘ladi, kim tarafsan?» - deyapti. Qarang, shunday og‘ir savolga qanday javob berish kerak? Javob bitta: bir tomonman, millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob beraman», dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Ma’lumot uchun, 28 fevral kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken O‘zbekiston poytaxti Toshkentga ilk bor tashrif buyurdi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov uchrashuv «juda samarali» bo‘lganini aytib, Vashingtonga O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan boshlangan islohotlar dasturini doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirgan edi.

Shundan so‘ng, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrifidan maqsad bu davlatlarning Rossiya bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yo‘q qilish ekanini aytgandi.

«Ular (AQSh) buni yashirmaydi. Ular bu davlatlarning Rossiya bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ishlamoqda», dedi Lavrov. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh, YeI va Buyuk Britaniya vakillari MDH davlatlarida faollikni oshirgan.

Top