10:08 / 13.03.2023
5144

Xitoyda hukumatning yangi tarkibi tasdiqlandi

Xitoyda yangi bosh vazir o‘rinbosarlari, Davlat kengashi a’zolari, vazirlar va qo‘mitalar rahbarlarining tayinlovi tasdiqlandi.

Foto: Reuters

Pekinda 12 mart, yakshanba kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashining 14-chaqiriq birinchi sessiyasi deputatlari XXR Davlat kengashining yangi tarkibini tasdiqladi. Hukumat lavozimlariga nomzodlarni bir kun avval ushbu lavozimga tayinlangan Davlat kengashi Bosh vaziri Li Tsyan taqdim etdi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari tarkibi to‘liq yangilandi. Bu lavozimlarni Din Syuesyan, Xe Lifen, Chjan Gotsin va Lyu Gochjun egalladi. Li Shanfu, Van Syaoxun, U Chjenlun, Shen Itsin, Tsin Gan Davlat kengashiga a’zo bo‘lishdi.

2022 yil dekabrida Xitoy tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan Tsin Gan yangi vazirlar mahkamasidagi o‘z lavozimini saqlab qoldi. Bundan tashqari, davlat xavfsizlik vaziri Chen Isin, moliya vaziri Lyu Kun va savdo vaziri Van Ventao o‘z lavozimlarida qoldi.

Yangi mudofaa vaziri tasdiqlandi, bu - general Li Shanfu. U 2018 yilda Rossiya qurollarini sotib olgani uchun AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan edi.

I Gan kutilganidan farqli ravishda Xitoy Xalq banki rahbari lavozimini saqlab qoldi. Chjen Shansze Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi raisi bo‘ldi.

Avvalroq deputatlar uchinchi muddatga saylangan Xitoy raisi Si Jinping taklifiga ko‘ra, mamlakat rahbarining uzoq yillik ittifoqchisi Li Tsyanni bosh vazir lavozimiga tasdiqlagan edi. U Xitoy hukumatini 10 yil boshqargan Li Ketsyanni almashtirdi.

Mavzuga oid
Top