Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoyning Rossiya bilan savdo hajmi 5 yilda ilk bor qisqardi
Reuters Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 2025 yilda Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2024 yildagi rekord ko‘rsatkichdan pasaygan. Bu so‘nggi besh yil ichida birinchi qisqarish hisoblanadi.
Foto: IZVeSTIYa/Sergey Lantyuxov
Xitoyning Rossiya bilan savdo hajmi 2025 yilda so‘nggi besh yil ichida ilk bor qisqardi va 2024 yilda qayd etilgan rekord darajadan past bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi 14 yanvar, chorshanba kuni Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib yozdi.
Ushbu statistikaga ko‘ra, 2025 yilda Xitoy—Rossiya tovar ayirboshlash hajmi 1,63 trln yuanni tashkil etgan (taxminan 201 mlrd yevro). Bu bir yil avvalgiga nisbatan 6,5 foizga kam. Jumladan, Xitoyning Rossiyaga eksporti 9,9 foizga, Rossiyadan import esa 3,4 foizga qisqargan.
Rossiyaning Ukrainaga to‘liq ko‘lamli harbiy hujumi boshlangandan va G‘arb sanksiyalari joriy etilgandan keyin Rossiya—Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshgan edi.
Ma’lumotdan kelib chiqishicha, savdo hajmining pasayishi Rossiyada Xitoy avtomobillariga talab tushib ketgani hamda Xitoyning RFdan xom neft import qilish qiymati arzonlashgani bilan bog‘liq.
The Moscow Times nashri Gaydar instituti ma’lumotlariga tayanib yozishicha, utilizatsiya yig‘imi oshirilgani va avtokreditlar keskin qimmatlashgani sababli Xitoydan olib kelingan avtomobillar 2024 yilga nisbatan ikki baravar kam xarid qilingan. Nashrda, shuningdek, G‘arb texnologiyalarining o‘rnini bosish uchun Xitoydan keltirilayotgan boshqa uskunalar yetkazib berish ham yillik hisobda 11 foizga kamaygani aytiladi.
Rossiya va Xitoy o‘rtasida savdo hajmining so‘nggi marta qisqarishi 2020 yilda qayd etilgan bo‘lib, u COVID-19 pandemiyasi oqibatlari bilan izohlangan.
Rossiyaning Xitoyga eksport qilayotgan tovarlari qiymatining asosiy qismini neft, tabiiy gaz va ko‘mir tashkil etadi. Boshqa tovarlar qatorida mis va mis rudalari, yog‘och, yonilg‘i hamda dengiz mahsulotlari bor. Xitoy esa Rossiyaga avtomobillar, traktorlar, kompyuterlar, smartfonlar, sanoat va ixtisoslashgan uskunalardan tortib, bolalar o‘yinchoqlari, kiyim-kechak va poyabzalgacha bo‘lgan keng turdagi mahsulotlarni eksport qiladi.
Mavzuga oid
14:07
Rossiya O‘zbekistonga shokolad yetkazib berishda yetakchi bo‘ldi
11:07
🔴 LIVE: Rossiya ortiq variant emas: mehnat muhojirlari nima qiladi?
19:45 / 14.01.2026
Moskva markazida yana Miusskaya qor tepaligi paydo bo‘ldi – fotosuratlar
15:42 / 14.01.2026