09:56 / 16.03.2023
3422

BMT oliy komissari: Oilaviy zo‘ravonlikni jinoyat deb belgilash shart

BMT oliy komissari Volker Turk 13-15 mart kunlari O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurib, mamlakatda inson huquqlari himoyasi yo‘lida qilingan ishlar bilan tanishdi. Oliy komissar sud-huquq tizimi, so‘z erkinligi va erkin fuqarolik jamiyati muhitini yaxshilash borasida rasmiylarga o‘z takliflarini bergan. 

Foto: BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

15 mart kuni BMT Inson huquqlari oliy komissari Volker Turk BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasida ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qilmoqda.

Oliy komissar 13-15 martdagi O‘zbekistonga tashrifi davomida Toshkentda va Qoraqalpog‘istonda rasmiylar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashganini ma’lum qilib, vaziyatni o‘rganib rasmiylarga o‘z tavsiyalarini bergan.

Uning fikricha, O‘zekistonda siyosiy hayotdan jamiyatning kichik bo‘g‘inlarigacha gender tengligi ta’minlanishi, balans ushlanishi, sudlar adolatli o‘tishi kerak. Shuningdek, oilaviy zo‘ravonlikni jinoyat deb belgilash shart. Fuqarolik jamiyati rivojlanishisiz inson huquqlarini ta’minlab bo‘lmaydi.

“Nohukumat tashkilotlar hech qanday qarshiliklarsiz ishlashi kerak. Rivojlanish uchun fikrlar xilma-xilligi, plyuralizmga asoslangan jamiyat qurish muhim”, – dedi Volker Turk.

Oliy komissar O‘zbekistonda so‘z erkinligi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Jurnalistlar bemalol ishlay olsin, so‘z erkinligi hurmat qilinsin”, – dedi Turk jurnalistlar bilan suhbatda.

Shuningdek, Oliy komissar o‘tgan olti yil ichida O‘zbekistonda bo‘lgan transformatsiyani yuqori baholashini bildirib, inson huquqlari uchun kurash davomiy va cheksiz ekanini eslatdi.

BMT Oliy komissari OAV vakillariga Qoraqalpog‘istondagi tashrifi haqida ham ma’lumot berdi. U yerda mahallalarni aylanib, aholi bilan suhbatlashib, ekologik va inson huquqlari masalalarini o‘rgangan. Tashrif davomida

BMT delegatsiyasi Nukusdagi Savitiskiy muzeyiga ham borgan.

Top