10:15 / 17.03.2023
12129

OAV: Xitoy firmalari Rossiyaga qurol va o‘q-dorilar yetkazib bergan

Bojxona ma’lumotlari Xitoydan to‘g‘ridan to‘g‘ri miltiqlar, shuningdek, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari orqali dronlar va zirhli jiletlar yuborilganini ko‘rsatadi, deb yozadi Politico.

Foto: Bloomberg

Xitoy korxonalari Rossiyaga kamida mingta miltiq, shuningdek, harbiy amaliyotlar uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan turli o‘q-dorilar va jihozlarni yetkazib berdi, deb yozadi 16 mart, payshanba kuni Amerikaning Politico nashri. Import Genius bojxona ma’lumotlari agregatori ma’lumotlari tahlili asosida nashrda e’lon xabarga ko‘ra, yetkazib beruvchi korxonalardan kamida bittasi Xitoyga aloqador bo‘lgan. 

Ma’lumotda qayd etilganidek, Xitoyning eng yirik davlat mudofaa pudratchilaridan biri China North Industries Group Corporation Limited 2022 yilda Rossiyaning «Texkrim» kompaniyasiga Amerikaning M16’dan ko‘chirilgan CQ-A avtomatlarini yuborgan. Hujjatlarga ko‘ra, bu mahsulotlar «fuqarolik ov miltig‘i» sifatida saqlangan. 

Nashrning ta’kidlashicha, qurollar Ukrainada Rossiya kuchlari tomonidan qo‘llangani haqida hech qanday dalil yo‘q, ammo u yerda AQSh sanksiyalari ostida bo‘lgan Da-Jiang Innovations Science & Technology Co kompaniyasining DJI markali Xitoy dronlari allaqachon payqalgan. 

Rossiya olgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsalar orasida ushbu kompaniyaning Xitoyda ishlab chiqarilgan dronlari uchun ehtiyot qismlar ham bor - 12 ta ehtiyot qismlar, shu jumladan batareyalar va kameralar partiyasi BAA orqali Rossiyaga jo‘natilgan. Shuningdek, Xitoyning zirhli jiletlari – 12 tonnadan ortiq yuk – 2022 yil oxirida Turkiya orqali Xitoydan Rossiyaga olib o‘tildi, deb yozadi Politico. 

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Pekin Ukrainadagi janglarni qo‘llab-quvvatlash uchun Moskvaga to‘g‘ridan to‘g‘ri katta miqdordagi qurol-yarog‘ yetkazib bermayapti. Biroq, jurnalistlar aniqlaganidek, Xitoydan Rossiyaga «ikkilamchi maqsadli» tovarlar keladi - bu oddiy tijorat yo‘llari orqali buyurtma berilishi mumkin bo‘lgan, ammo keyin harbiy maqsadlarda ishlatiladigan uskunalar. 

Bu Xitoy Rossiyaga miltiq va zirhli jiletlar yetkazib berayotgani, shuningdek, dronlar va ular uchun ehtiyot qismlar yetkazib berishda davom etayotganining birinchi tasdig‘idir. 

Avvalroq, 26 fevral kuni AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Uilyam Berns CBS News telekanaliga bergan intervyusida Vashington Xitoy Rossiyaga Ukrainaga qarshi urush uchun qurollar yetkazib berish haqida o‘ylayotgani, ammo yakuniy qaror hali qabul qilinmaganiga «ishonchi komil» ekanini aytgandi. 

Bir hafta oldin AQSh davlat kotibi Entoni Blinken CBS telekanalining Face the Nation telekanaliga bergan intervyusida Xitoy Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini «qo‘llab-quvvatlashni ko‘rib chiqayotganini» aytgan edi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu yordam «o‘q-dorilardan tortib qurollargacha» bo‘lishi mumkin. 

Xitoy bunday tovarlar yetkazib berilayotganini rad etyapti. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top