12:21 / 24.06.2016
13207

Britaniya YeIdan chiqmoqda: Brexit hukumatning eng yirik tanazzulimi?

Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan (YeI) chiqish tarafdorlari 16,1 million ovozdan iborat to‘siqni yengib o‘tib, 17,1 millionlik ovoz bilan referendumda g‘alaba qozonishdi.

Oradagi tafovut kichik bo‘ldi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatning YeIdan chiqishi uchun britaniyaliklarning 51,9 foizi ovoz bergan. 

"YeIdan chiqish uchun 17 million 410 ming 742 nafar saylovchi ovoz bergan. Unda qolish uchun esa - 16 million 141 ming 241ta ovoz to‘plangan", - deya ma'lum qildi Saylov komissiyasi vakili Manchesterda hamda saylovdagi ishtirokning 72,2 foizni tashkil qilganini ta'kidladi. 

Referendum qonuniy ravishda majburiy emas, ya'ni hukumat mamlakat taqdirini mustaqil hal qilishi mumkin. 

Ekspertlar referendumda Devid Kemeronning o‘zi tashabbus ko‘rsatgani uchun u britaniyaliklarning fikrini e'tiborsiz qoldirishi dargumonligini aytishmoqda.

Bosh vazir har qanday holatda ham o‘z o‘rnida qolishini ta'kidlashiga qaramay, bir qator siyosatshunoslar uning iste'foga chiqishini taxmin qilishmoqda.

Saylov natijalari - Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqish yo‘lining boshlanishi bo‘lib, undagi jarayonlar Lissabon kelishuvi tomonidan boshqariladi. 

Yaqin ikki yil ichida London YeIdagi mamlakatlarning har biri bilan "alohida hamkorlik qilish shartlari haqida" kelishib olishi kerak. 

Ekspertlarning fikricha, uzilish maksimal darajada murakkab va uzoq davom etishi uchun Yevropa hamma narsaga tayyor. 

Mamlakat bir necha yildan keyingina YeIni butkul tark etishi mumkin. Buni Yevroittifoqdan chiqish kampaniyasining yetakchisi Mettyu Elliot ham tan oldi.

Uning fikricha, Kemeron boshqa mamlakatlar hukumatlari bilan norasmiy muzokaralarni boshlashi kerak va faqat shundan keyingina Lissabon kelishuvini tatbiq etish masalasini ko‘tarishi lozim. 

Saylov natijalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar Britaniya funtining kursini tushirib yubordi - u 1,35 dollardan pasayib ketdi. Milliy valyuta 1985 yildan beri bunday ahvolga tushmagan edi. 

Ekspertlar Brexit (Britain+exit) - Britaniya hukumat rahbarining eng yirik tanazzuli, deb ta'kidlashmoqda. 

Referendumda Uels va Angliya aholisining asosiy qismi Brexit uchun ovoz berdi, qirollik tarkibidagi yana 2 mamlakat, Shotlandiya va Shimoliy Irlandiyada esa mamlakatning YeIda qolishi tarafdorlari katta ustunlikka ega bo‘lishdi.

Bu esa qirollikning parchalanishiga oid fikr mulohazalarni keltirib chiqarmoqda.

Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqishiga doir gap-so‘zlar 1973 yildan beri muhokama qilib kelinadi.

23 iyunda o‘tkazilgan referendum birinchisi emas, 1975 yilning iyunida ham shu mavzudagi saylov o‘tkazilgan, unda YeI tarafdorlari 67,2 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozonishgan.

Top