21:26 / 28.03.2017
6181
Kot-d'Ivuarning sobiq birinchi xonimi umrbod ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin
Foto: AFP

Kot-d'Ivuar prokurorlari harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha ayblovga ko‘ra mamlakatning sobiq birinchi xonimi Simona Gbagboni umrbod ozodlikdan mahrum qilishni talab qilishdi. Bu haqda "Frans Press" axborot agentligi xabar bermoqda. 

2012 yil noyabrda Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Simona Gbagboni qotilliklar hamda "Kot-d'Ivuarda 2010 yil 16 dekabrdan 2011 yil 12 aprelgacha davr ichida amalga oshirilgan insoniylikka qarshi harakatlar va ta'qiblarga " aloqadorlikda gumon qilib hibsga olishga order bergandi. Biroq 2013 yil sentabrda Kot-d'Ivuar hukumati Gbagboni XJSga berishdan bosh tortib, uning ishi milliy sudda ko‘rib chiqilmoqchi ekanligini ma'lum qilgan.

Simona Gbagboning turmush o‘rtog‘i, mamlakatning sobiq prezidenti XJSga 2011 yil 30 noyabrda yetkazilgan. U mamlakatdagi 2010-2011 yillardagi qurolli ixtilof vaqtida insoniylikka qarshi jinoyatlarda gumon qilinib qo‘lga olingan. Biroq unga qo‘yilgan ayblovlar 2015 yil iyundagina tasdiqlangan. XJSning dastlabki ish yuritish palatasi 108 guvoh ko‘rsatmalari va 22 ming sahifadan ko‘proq hujjatlar, audio- va videomateriallarni o‘rganib, sobiq prezident to‘rtta ayblov: qotillik, nomusga tegish, qotillikka urinish va taqib ayblovlari bo‘yicha javob berishi kerakligiga qaror qilgan. Loran Gbagbo ishi bo‘yicha sud jarayoni 2015 yil 7 iyulda boshlanishi belgilangandi.

Top