18:27 / 03.04.2017
20353

Dubrovskiy: Biz O‘zbekiston bozori taklif qilgan o‘rinlarni boshqalardan tezroq to‘ldirishimiz kerak

Rossiyaning Chelyabinsk viloyati O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash bo‘yicha yetakchilik qilmoqda va u mintaqada o‘zbek importini oshirmoqchi. Uralpress xabariga ko‘ra, bu haqda viloyat gubernatori Boris Dubrovskiy Namangan viloyati delegatsiyasi tashrifi yakunlari haqida so‘zlash davomida ma'lum qildi.

"O‘zbekiston Rossiya uchun faol ochilmoqda va biz bu respublika bozori taklif etayotgan o‘rinlarni boshqalardan tezroq egallab olishimiz kerak", - deya ta'kidladi Boris Dubrovskiy.

2016 yilda O‘zbekistondan Chelyabinsk viloyatiga yo‘lga qo‘yilgan import hajmi 4 barobarga oshdi va 5 million dollarni tashkil qildi, eksport esa - 160,3 million dollar.

Viloyatda o‘zbek importini oshirish uchun bir qator qarorlar qabul qilinmoqda. "Bu, asosan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar va poyabzal - qoidaga ko‘ra, uncha qimmat bo‘lmagan, lekin sifatli mahsulotlar", - deya izoh berdi mintaqa rahbari. 

Boris Dubrovskiy  mintaqa iqtisodiy taraqqiyot vazirligiga Chelyabinsk viloyatining oktabr oyiga mo‘ljallangan O‘zbekistonga javob tashrifiga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish vazifasini topshirdi. "Delegatsiyani biznes va ijtimoiy sohalar vakillari bilan kuchaytirish lozim", - dedi gubernator.

Bundan avval, o‘tgan haftada Boris Dubrovskiyning Namangan viloyati hokimi Hayrullo Bozorov bilan uchrashib, har tomonlama hamkorlik memorandumi imzolagani to‘g‘risida xabar berilgan edi. Gubernator memorandum imzolanishi mintaqaviy miqyosda aniq loyihalarni amalga oshirish imkonini berishi hamda biznes va gumanitar aloqalarni mustahkamlashiga ishonch bildirdi. 

Mavzuga oid
Top