09:00 / 05.04.2017
26937

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi o‘zgardi

1 aprel kuni xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Sessiyada viloyat hokimi H.Oqbo‘tayev ma'ruza qildi. Ta'kidlandiki, Kattaqo‘rg‘on yirik tuman sifatida viloyat iqtisodiyotida o‘z o‘rni, salohiyatga ega. 2016 yil yakuni bilan tumanda sanoat mahsulotlari 8 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 7 foiz va xizmatlar hajmi 14 foizga, chakana savdo hajmi 16 foizga o‘sgani e'tiborli. Tuman dehqonlari o‘tgan yil 33 ming tonna paxta va 24,5 ming tonna g‘alla yetishtirib, viloyatimiz xirmoniga salmoqli hissa qo‘shdi.

Lekin tumanda ko‘plab mummolar ham to‘planib qolgan. Xalq bilan muloqotning samarali yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida odamlarning tuman hokimligi va boshqa idoralarga ishonchi yo‘qolgan. Viloyat va respublika idoralariga ariza va shikoyatlar ko‘paygan.

Bugungi kunda tumanda ro‘yxatga olingan 764 ta kichik biznes sub'yektning 83 tasi faoliyat ko‘rsatmayapti. Ishlab turibdi deb aytilayotgan 681 ta sub'yektning ham 132 tasi haqiqatda faoliyat ko‘rsatmayotganligi aniqlandi. Buning oqibatida ayni paytda tumanning viloyat sanoatidagi ulushi atigi 3 foizni tashkil etmoqda.

Tuman paxta, meva-sabzavot, uzum yetishtirish bo‘yicha viloyatda yetakchi o‘rinda turadi, lekin bu mahsulotlarni qayta ishlash, eksportbop tovarlar ishlab chiqarish bo‘yicha birorta korxona mavjud emas. Tumanda bor-yo‘g‘i 2 ta xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxona mavjud va bu viloyat ko‘rsatkichining 1 foizini ham tashkil qilmaydi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Saparali Azimov o‘z arizasiga muvofiq Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi vazifasidan ozod etildi.

Viloyat hokimi tavsiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston Ekologik harakati Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan Azzamov Xudoyberdi Surxonovich Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Top