19:00 / 10.05.2017
31479

Andijonda insulin ishlab chiqaruvchi korxona barpo etilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Respublika farmatsevtika sanoatini jadallik bilan rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha choralar to‘g‘risida»gi qarorida tibbiyot vositalari ishlab chiqaruvchilar uchun juda keng imkoniyatlar berildi. Ana shu imkoniyatlardan foydalangan holda Andijon viloyatidagi “ZAMIN BIO HEALTH” jamiyati tibbiyot vositalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda investitsiya kiritish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.

Andijon viloyatining Andijon tumanida joylashgan Xartum qishlog‘i tomon yo‘lga chiqdim. Bobur massivi deb ataluvchi joyda qurilish va yig‘ish ishlari avjida. Meni “ZAMIN BIO HEALTH” jamiyati rahbarlaridan biri, farmatsevtika sohasida 30 yillik tajribaga ega Sobirjon Nizomov kutib oldi. 

Loyihaga to‘xtalsam: “ZAMIN BIO HEALTH” jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha bo‘yicha qandli diabet kasalligi bilan og‘rigan bemorlar uchun 6 xil turdagi insulin dori vositalari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan farmatsevtik korxona bunyod etiladi. Ushbu korxona Markaziy Osiyoda yagona hisoblanib, bir yilda 10 million flakon insulin dori vositalari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ushbu ko‘rsatkich O‘zbekiston hududida mazkur doriga bo‘lgan talabni to‘la ta'minlagan holda, yiliga 5 million flakon eskport qilish imkoniyatini beradi. 

Sobirjon aka bilan suhbat davomida loyihani amalga oshirish jarayoni bilan tanishdik. Jamiyat vakillari murakkab va muhim ishga qo‘l urishdan avval dunyoning farmatsevtik sohalarida yetakchi bo‘lgan mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, insulin ishlab chiqarish jarayoni bilan to‘liq tanishib chiqishganini ma'lum qildilar Ularning Fransiya, Rossiya, Hindiston BAA va Xitoy singari sohada katta yutuqlarga erishgan davlatlarda bo‘lib, ish o‘rganganlari tahsinga loyiq. Insulinni Yevropa tajribasi asosida ishlab chiqarishni rejalashtirishgan. 

“Respublikamizda ishlab chiqarilgan dori vositalari jahon standartlariga to‘g‘ri kelganidagina eksport salohiyati ortishi mumkin. Avvalo, mamlakatimizdagi bemorlarga sifatli dori vositalari yetkazib berish asosiy maqsadimizdir”, - deydi Sobirjon Nizomov. “Uzoq izlanishlardan so‘ng loyihani viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga taqdim qildik. Hokimimiz har tomonlama yordam berishini aytganida rosa quvondik. U kishining yaqindan bergan ko‘magi bilan korxona uchun yer maydoni ajratilib, qurilish va yig‘ish ishlari boshlandi. Shuhratbek Abdurahmonovning o‘zi qurilish ishlarini borishiga bosh-qosh bo‘lib turibdi. Nasib qilsa, shu yil Mustaqillik bayrami arafasida korxonamizning barcha liniyalari ishga tushadi”, deb so‘zida davom etdi jamiyat rahbari. 

Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi, “O‘zfarmsanoat” DAK va boshqa mutasaddi tashkilotlar korxonani ishga tushirishga yaqindan yordam bermoqdalar.

Korxonaning qurilish ishlariga 4 milliard so‘m sarflanadi. Uskunalarga esa 2 million 950 ming AQSh dollarida Hitoy davlatining yirik korxonalari bilan shartnomalar imzolangan. Korxona to‘liq kuch bilan ishga tushgach, davlatimiz tomonidan chet eldan yiliga 5 million AQSh dollar miqdorida keltirilayotgan dori vositasiga muhtojlik sezilmaydi.

Nasib qilsa, yaqin oylar ichida korxonaning ochilish marosimidan maqola tayyorlashni maqsad qildik.     

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Top