12:29 / 23.05.2017
13687
Uchtepa tumanida tovlamachilik uchun tuhmat qilgan ayol qamoqqa olindi
Foto: Fotolia

Toshkent shahrida tovlamachilik uchun tuhmat qilgan fuqaro fosh etildi, deb xabar bermoqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2017 yil 22 mart kuni Uchtepa tumani IIBga fuqaro Ra'no Umidullayevna Qodirova ariza bilan murojaat etib, o‘z arizasida 2017 yil 21 mart kuni soat taxminan 24:00 larda, ISUZU avtoulovida yo‘lovchi sifatida ketayotgan vaqtida, ikki nafar noma'lum shaxslar kuch ishlatishib, uning kurtkasidan 470.000 so‘mlik "SAMSUNG GALAXY MINI 3" rusumli uyali telefon apparatini va 200.000 so‘m pullarini ochiqdan-ochiq egallab, yashirinishganligini ma'lum qilgan. 

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi 2-qismi “v” bandi  bilan (talonchilik, ya'ni o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib talon-toroj qilish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. 

2017 yil 21 may kuni Toshkent shahar Uchtepa tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, fuqaro R.U.Qodirova g‘arazli niyatlarda guyoki avtoulov haydovchisi unga nisbatan talonchilik jinoyati sodir etilganligini ko‘rsatib, tuhmat qilib, yolg‘on xabar va ko‘rsatuv berib, tovlamachilik yo‘li bilan pul talab qilganligi aniqlangan. 

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan R.U.Qodirova O‘zbekiston Respublikasi JKning 139, 237 va 238-moddalari bilan (Tuhmat qilish, yolg‘on xabar berish va yolg‘on guvohlik berish) jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Top