Rossiya zaharlovchi moddalar zaxirasining 98,9 foizini yo‘q qildi. Bu haqda kimyoviy qurolni xavfsiz saqlash va yo‘q qilish bo‘yicha Federal boshqarma boshlig‘i general-polkovnik Valeriy Kapashin xabar berdi.
«Rossiyada 40 ming tonna jangovar zaharlovchi moddadan 39 ming 528 tonnasi yo‘q qilindi, bu esa 98,9 foizga teng», - deya Kapashinning so‘zlarini keltiradi Interfaks agentligi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun maxsus yaratilgan oltita obektda mahalliy zaharlovchi moddalar yo‘q qilingan. Ishlar faqatgina so‘nggi obekt – Udmurtiyadagi Kizner posyolkasida davom etmoqda.
Generalning ta'kidlashicha, Rossiyada kimyoviy qurol zaxiralarini 2017 yil oxiriga qadar butunlay yo‘q qilish rejalashtirilgan.