Jahon | 02:20 / 16.11.2023
9416
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya sudi Suriya prezidenti Bashar Asadni hibsga olishga order berdi

U va uning sheriklari 2013 yilda yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan kimyoviy qurollardan foydalanganlikda ayblanmoqda.

Foto: Reuters

Fransiya sudi Suriya prezidenti Bashar Asad va uning ukasi Mohir Asadni 2013 yilda tinch aholiga qarshi kimyoviy qurol qo‘llaganlikda ayblab, hibsga olishga order berdi.

Shuningdek, Suriya ilmiy tadqiqot markazi (SSRC) direktori Jassam Abbos va Suriya Milliy xavfsizlik va aloqa xizmati rahbari Bassam al-Hasanni ham hibsga olish uchun order berilgan.

Parij sudining insoniyatga qarshi jinoyatlarni ta’qib qilishga ixtisoslashgan maxsus departamenti 2013 yil avgust oyida Suriyaning Duma shahri va Sharqiy G‘uta mintaqasida mingdan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan kimyoviy qurol qo‘llanilishi holatlari yuzasidan tergov o‘tkazdi.

Fransiya sudiga da’vo arizasi Suriya ommaviy axborot vositalari va so‘z erkinligi markazi (SCM), «Ochiq jamiyat adolat tashabbusi» advokatlar uyushmasi (OSJI) va Suriyadagi inson huquqlari buzilishi holatlarini hujjatlashtiradigan Suriya arxivi tomonidan 2021 yilda berilgan edi.

Bu Suriya yetakchisini hibsga olish haqidagi birinchi xalqaro order, shuningdek, Suriya rejimi tomonidan kimyoviy qurol qo‘llanishi bo‘yicha ham birinchisidir. Xususan, gap zarin gazi haqida ketmoqda.

Hujjatda aytilishicha, Asad va uning yaqinlari insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlarga sheriklikda aybdor.

Fransiya sudi o‘z qarorini qabul qilishda guvohlarning ko‘rsatmalariga, shuningdek, harbiy ekspertlar va kimyoshunos olimlarning fikrlariga tayangan.

2013 yilda suriyaliklarning, shu jumladan bolalarning talvasaga tushayotgani, og‘zidan ko‘pik chiqayotgani tasvirlangan suratlar dunyo bo‘ylab tarqaldi. Biroz vaqt o‘tgach, BMT bu haqda o‘z hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, katta ehtimol bilan Duma va G‘utada zarin ishlatilgan.

Shu bilan birga, 2013 yilda Suriya Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotiga (KQTT) qo‘shilish va kimyoviy qurollar arsenalidan voz kechishga rozi bo‘ldi. Shunga qaramay, keyingi yillarda Suriya qo‘shinlari kimyoviy quroldan foydalangan holda muxolifatga va tinch aholi yashayotgan shaharlarga bir qator hujumlar uyushtirgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu jinoyatlar xalqaro sudlar tomonidan alohida ko‘rib chiqiladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas.

Suriya rasmiylari 2011-2020 yillardagi fuqarolar urushi paytida taqiqlangan qurollar, jumladan, kimyoviy qurollar qo‘llanganini inkor etib kelmoqda.

Mavzuga oid