Bundan roppa-rosa 106 yil muqaddam  Qo‘qonda odamlar tiriklayin yoqilgan, o‘ldirilgan, zo‘rlangan va hatto go‘daklar ham shafqatsizlarcha qatl etilgan edi. Turkiston  muxtoriyati tuzilishi va barbod qilinishiga oid siz eshitmagan ma’lumotlarni bugun olimlarimiz sizga so‘zlab berishadi. Hozirgacha yashirib kelingan ba’zi ma’lumotlar va haqiqatlar bugun ochiqlandi. Millatimizga genotsid uyushtirilgan o‘sha mash’um kun haqida bugun suhbatlashamiz.

Qahramon Rajabov: — 22 fevral kuni Turkiston muxtoriyati sovetlar tomonidan ag‘darilganiga 106 yil to‘ldi. 20 asr boshlari o‘zbek xalqi tarixida muhim rol o‘ynagan Turkiston muxtoriyati bor-yo‘g‘i 72 kun yashadi. Muxtoriyat hukumati xalq tomonidan saylanganiga qaramasdan, o‘sha paytdagi Turkiston aholisining 95 foiz aholisi asl turkistonliklar edi, qolganlar 50 yil davomida Rossiyadan, boshqa Yevropa davlatlaridan ko‘chib kelganlar edi, ular Turkiston muxtoriyatini tugatish uchun barcha choralarni ishga soladi. Perfelev boshchiligidagi qo‘shinlar Qo‘qonni o‘rab oladi. Ularning ixtiyorida to‘plar, pulemyotlar bor edi. 2 soat ichida hukumat taslim bo‘lsa, hujum qilmasliklarini aytishadi, lekin muxtoriyat buni rad etadi, shundan so‘ng Qo‘qonni to‘plardan o‘qqa tutishadi. Adabiyotlarda Qo‘qon qirg‘ini 3 kun davom etgan deyiladi, lekin oxirgi yillardagi aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, ular 10 kun davomida Qo‘qonni o‘qqa tutishgan, shaharda janglar bo‘lgan va shahar deyarli vayron qilingan.

Azamat Ziyo: — Turkiston muxtoriyati — juda katta voqea. Zamonaviy davlatchilikni mustaqil ravishda yaratishga katta bir qadam bo‘lgan. To‘la mustaqil davlat sifatida emas, balki Rossiya tarkibidagi demokratik davlat sifatida e’lon qilingan. Gap bu muxtoriyatning qancha yashaganida yoki qanday shaklda bo‘lganida emas, balki uning qonga botirilganida, vaziyat yetilib turganidan foydalana olinmaganida deb bilaman.

Qahramon Rajabov: — Toshkent, Samarqand, Farg‘ona vodiysidagi taraqqiyparvarlar o‘rtasida Rossiya tarkibidagi Turkistonga keng ma’nodagi milliy, madaniy muxtoriyat berish masalasi qo‘yilgan edi. Bu muxtoriyat avtonom shaklda emasdi. Jadidlarimiz muxtoriyatni asta-sekin to‘liq mustaqil davlatga aylantirmoqchi edi.

1918 yil fevralda Qo‘qon shahri va uning atrofida bolsheviklar tomonidan juda katta ko‘lamda qirg‘in sodir etilgan. Farg‘ona viloyati davlat arxivi hujjatlariga ko‘ra, bolsheviklar Qo‘qonni to‘pdan o‘qqa tutayotganda kimyoviy snaryadlardan foydalanishgan. Bu haqidagi ma’lumotlarni o‘sha paytda Qo‘qonda bo‘lgan amerikalik jurnalist yozadi va Amerikada e’lon qilinadi, uning maqolasining rus tilidagi nusxasi Farg‘ona davlat arxivida saqlangan. Qo‘qon vayron qilingani haqida o‘zbek olimlari ham yozgan, lekin ular sovet davri bo‘lgani uchun boshqacha tus bergan bu voqealarga. Bolsheviklar ozodlik olib keldi, deyishgan, jadidlar tuzgan hukumatni esa boylar hukumati edi, deb tasvirlashgan.