15:25 / 13.07.2017
4888

Jahonda yarim yil ichida ko‘chmas mulk bozoriga qariyb 300 mlrd dollar sarmoya kiritildi

2017 yilning birinchi yarmida jahon ko‘chmas mulk bozoridagi investitsiya kelishuvlarining global hajmi 289 mlrd dollarga yetdi. Bu 2016 yilning yanvar-iyun oylaridagi ko‘rsatkich bilan barobar, deyiladi JLL konsalting kompaniyasi xabarida.

«Sarmoyadorlar faolligi global siyosiy noaniqlikka qaramay, ancha yuqori darajada saqlanib turibdi», - deya izoh berishgan ekspertlar. Ma'lumotlarga ko‘ra, Osiyoda eng ko‘p sarmoyalar Xitoyga yo‘naltirilgan: ikkinchi chorak davomida mahalliy ko‘chmas mulk bozoriga investitsiyalar hajmi 8,1 mlrd dollarga yetdi. Yevropada esa Germaniya yetakchilik qilmoqda, birinchi yarim yillikda o‘sish 38 foizni tashkil etdi.

Shimoliy va Janubiy Amerika birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, salbiy ko‘rsatkichni qayd etgan yagona mintaqaga aylandi. Bu yerda ikkinchi chorakdagi sarmoyalar hajmi 64 mlrd dollarni tashkil etdi, natijada yarim yillik natijasi 2016 yil ko‘rsatkichdan olti foizga kamroq bo‘ldi.

Top