"Dunyo" xabariga ko‘ra, unda Ispaniya Sanoat, savdo va turizm vazirligi, Airbus kompaniyasi mintaqaviy vakili, San Pablo universitetining professor-o‘qituvchilari va ekspertlari, shuningdek Ozarboyjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston elchilari ishtirok etdi.
Sanoat, savdo va turizm vazirligi vakili Mariya Penya Mateos so‘nggi yillardagi geosiyosiy beqarorlikka qaramasdan, O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanayotganini alohida qayd etdi. "Ispaniya O‘zbekistonni energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish va turizm sohalarida salohiyatli hamkor sifatida biladi", dedi u.
Airbus kompaniyasi vakili Xose Luis de Migel o‘z navbatida, Uzbekistan Airways bilan yaxshi aloqalar yo‘lga qo‘yilgani, O‘zbekiston uchun A320neo rusumidagi samolyotlarni yetkazish bo‘yicha kelishuvlar mavjudligini qayd etdi.











