16:00 / 06.10.2017
6585
Yaponiyalik mashhur rejissyor Kiyosi Kurosava O‘zbekistonga keldi

2017 yilning 5 oktabrida yaponiyalik mashhur rejissyor Kiyosi Kurosava boshchiligidagi “Loaded Films Co.Ltd” kompaniyasi vakillari Kinematografiyani rivojlantirish markazida bo‘lib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, kelajakda Yosh kinoijodkorlar kengashi bilan yaqindan hamkorlik qilib, yangi loyihalar ustida ishlashga kelishib olishdi.

Bu yil O‘zbekiston hamda Yaponiya uchun tarixiy sanalarga boy. Bir tomondan har ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lgan bo‘lsa, yana bir tarixiy sana bu Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatri binosining qurilganiga 70 yil to‘lishidir. Bundan 70 yil avval xalqimizning sevimli maskanlaridan hisoblangan mazkur teatrning qurilishida yaponiyalik harbiylar ishtirok etishgan edi.

Foto: Kiyosi Kurosava

Kiyosi Kurosavaning O‘zbekistonga tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad esa har ikki mamlakat do‘stligi, hamkorligining yorqin namunasiga aylanuvchi qo‘shma badiiy filmning suratga olinishidir.

Taniqli rejissyorning suratga olishni rejalashtirayotgan filmining bosh qahramoni o‘zbek millatiga mansub inson bo‘lishi rejalashtirilgan. Suratga olish ishlari 2018 yilning mart-aprel oylarida bo‘lib o‘tishi belgilangan filmning yurtimizni dunyoga keng tanitishga xizmat qilishi tabiiy. Mazkur ijodiy jarayonda 40 kishidan ortiq yaponiyalik guruh ish olib boradi.

“O‘zbekkino” milliy agentligi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda Yosh kinoijodkorlar kengashi filmni suratga olishda yapon kinoijodkorlari bilan aktyorlar kastingini tashkil etish, jarayonni moddiy-texnik ta'minlash va boshqalarda hamkorlikni amalga oshiradi.

Yaponiya delegatsiyasi Markazda yosh rejissyor Muxlisa Azizova rejissyorligidagi “Ona” (“U”) filmi hamda Yosh kinoijodkorlar kengashining ilk ijodiy ishi hisoblangan “Welcome to Bukhara” promo-roligini tomosha qilisharkan, yoshlarning ijodiga yuqori baho berishdi va o‘zbek-yapon filmida ham o‘zbek yoshlari bilan hamkorlik qilish taklifini bildirishdi.

Top