20:30 / 16.10.2017
94290
Ko‘zlar salomatligiga oid 11 tavsiya
Foto: Dreamstime

Kun davomida ko‘zlarimizga katta yuk tushadi. Ko‘rish qobiliyatini uzoq yillar davomida saqlab qolish uchun ular haqida qayg‘urishimiz kerak bo‘ladi. "Layfxaker" mavzuga doir maslahatlari bilan bo‘lishdi.

1. Ko‘z mashqlarini bajaring

Kompyuter ekrani qarshisida ko‘p vaqt o‘tkazsangiz, ish kuni o‘rtasida ko‘zlarning charchashi va ularning qurishini sezgan bo‘lsangiz kerak - axir, monitorga tikilish davomida biz ko‘zlarimizni ikki barobar kam pirpiratamiz.

Monitor ko‘z darajasidan biroz pastroqda, taxminan 60 santimetr uzoqlikda joylashgan bo‘lish kerak. Ekrandagi nur ko‘zlarda aks etmasligi uchun himoya qoplamasidan foydalaning.

Har 20 daqiqa ko‘z mashqlarini bajaring. Buning uchun 20 soniya davomida kompyuterdan taxminan 6 metr uzoqlikda joylashgan biror predmetga tikilib qarab turing.

2. Doim quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqing

Ultrafiolet nurlar nafaqat teri, balki ko‘zlar uchun ham ziyondir. U kataraktadan to saraton kasalligigacha keltirib chiqarishi mumkin.

Ko‘zlarni ultrafiolet nurlarning zararli ta'siridan himoya qilish uchun quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak yoki maxsus linza taqish kerak. Hatto bulutli kunda ham ko‘zoynak taqishni unutmang, zero qor, suv, qum va asfalt ultrafiolet nurlarni aks ettiradi.

3. Himoyalovchi ko‘zoynakdan foydalaning

Ko‘zlarga nafaqat ishlab chiqarish korxonalarida, balki uyda ham xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagan holatlarda shikast yetkazish mumkin. Ko‘zlarga mayda zarrachalar tushishi yoki kimyoviy elementlar ta'siridan himoyalash uchun ko‘zoynakdan foydalaning. Sport bilan shug‘ullanish uchun, masalan, suzish, chang‘ida uchish yoki basketbol bilan shug‘ullanish davomida ham himoyalovchi ko‘zoynakdan foydalangan ma'qul. U ko‘zga shikast yetishining oldini olishga yordam beradi.

Himoyalovchi ko‘zoynak linzalari polikarbonatdan tayyorlangan bo‘lishi kerak. Polikarbonat boshqa materiallarga nisbatan 10 karra yuqori zarbga chidamli bo‘ladi.

4. Ratsioningizga yurak va ko‘z uchun foydali mahsulotlardan qo‘shing

Qon aylanishini yaxshilovchi mahsulotlar sizni sog‘lom yurak va o‘tkir ko‘zlar bilan ta'minlaydi. Qator mahsulotlar orasidan sitrus mevalar, ko‘katlar va don mahsulotlari ham shundaylar sirasiga kiradi. Tsink miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar: loviya, no‘xat, yong‘oqlar, ustritsalar, yog‘siz qizil go‘sht yoki parranda go‘shti ham ultrafioletdan zarar yetishining oldini olishda yordam beradi.

Sabzi va boshqa sariq hamda apelsinrang mahsulotlar tarkibidagi beta-karotin ko‘zlar uchun juda foydalidir. Beta-karotin organizmimizda A vitaminiga aylanadi, bu vitaminning yetishmovchiligi esa ko‘rish qobiliyatidagi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Lyutein va zeaksantin ko‘z uchun foydali moddalardir. Ular ko‘katlar, shpinat, karam va boshqa bargli sabzavotlarda bo‘ladi.

5. Ko‘zlardagi og‘riqlarga befarq bo‘lmang

Sovuq kompress, antigistamin preparatlar yoki ko‘z tomchilari ko‘zlarning qizarishi va qichishida yordam beradi. Agar ko‘zingizga xuddi qum kirgandek bo‘lsa, ularni sovuq suv yoki izotonik aralashma bilan yuvib tashlang.

Agar belgilari o‘tib ketmasa, ko‘zlar shishib, og‘risa yoki yorug‘likka ta'sirchan bo‘lib qolsa, u holda o‘zbilarmonlik qilib davolanmasdan, tibbiy yordamga murojaat qilgan ma'qul.

6. Kontakt linzalarni parvarishlang

Linzalarni ushlashdan oldin albatta qo‘llaringizni yuving. Linzalarni olgandan keyin ularni dezinfeksiyalash zarur. Buning uchun sifatli aralashmalardan foydalaning. Kontakt linzalarni ko‘rsatilgan muddatiga qarab almashtirib turish kerak bo‘ladi.

Suzish havzasi yoki ochiq suv havzasiga tushmoqchi bo‘lsangiz, shuningdek kuchli kimyoviy vositalarni qabul qilmoqchi bo‘lsangiz, linza taqmang. Uyqu oldidan linzalarni yechishni unutmang.

7. Umumiy salomatligingizni nazorat qiling

Ko‘rish qobiliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan turli kasalliklar ko‘zlarga shikast yetishiga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, yuqori qon bosimi yoki qandli diabet ko‘zlarga qon yetib kelishini qisqartiradi. Immun tizimidagi buzilishlar ham ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Shuning uchun jiddiy kasalliklaringiz bo‘lsa, ko‘zlar salomatligiga ham e'tiborli bo‘ling.

8. Dorivor preparatlar qo‘llanmasini diqqat bilan o‘qing

Ba'zi dori vositalarining ketma-ket qabul qilinishi ko‘rish qobiliyatida muayyan muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Preparatlarni qabul qilishdan avval ularning ehtimoliy salbiy ta'sirlari bilan tanishib chiqing. Dori qabulidan keyin ko‘zlarda quruqlik, yorug‘likka sezuvchanlik, ko‘rish qobiliyatining xiralashishi yoki ko‘zlarning shishishini sezsangiz, shifokorga murojaat qiling.

9. Eski kosmetikadan foydalanmang

Ko‘z makiyaji uchun mo‘ljallangan suyuqlik va krem ko‘rinishidagi kosmetika vositalarida ko‘zlarga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan bakteriyalar tez paydo bo‘ladi. Ochilgan kosmetika vositalaridan uch oy ichida foydalanish kerak. Qo‘llash muddati o‘tib ketgan kosmetikadan foydalanmang.

Makiyaj qilishdan avval va uni o‘chirgandan keyin yuzni yaxshilab tozalash kerak. Birovlarning kosmetik vositalaridan foydalanmang. Agar allergiyaga moyil bo‘lsangiz, faqat o‘zingizga to‘g‘ri keluvchi, sinalgan vositalarni qo‘llang.

10. Muntazam ravishda ko‘zlaringizni tekshirtiring

Hatto ko‘zoynak taqmasangiz ham okulistga ko‘rinib turish kerak. 18-60 yoshdagilarga ikki yilda bir marta ko‘rish qobiliyatini tekshirtirish tavsiya etiladi. Agar yoshingiz 60dan oshgan bo‘lsa, kontakt linzalardan foydalaning, diabet yoki yuqori qon bosimidan aziyat cheksangiz yoxud oilangizdagi kattalardan biri ko‘rish qobiliyatidagi muammolarga ega bo‘lsa, har yili ko‘zlarni tekshirtirib turish kerak.

11. Chekishni tashlang

Chekish organizmning umumiy holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, shu jumladan ko‘zlar salomatligiga ham. Chekish katarakta, ko‘zlarning qurishi kabi kasalliklarning paydo bo‘lish xavfini oshiradi. Chekish shuningdek qon aylanish  tizimida tromblar hosil bo‘lishi va arteriyalar spazmini keltirib chiqaradi.

Bu nafaqat yurak xurujini keltirib chiqarishi, balki ko‘rish qobiliyatidan mahrum bo‘lishgacha olib kelishi mumkin. Chekishni qancha tez tashlasangiz, uning asoratlaridan jabrlanish xavfi shuncha kam bo‘ladi.

Top