12:00 / 16.11.2017
15669
A'zoni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqiy asos yaratilib, amaliy harakatlar boshlandi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ko‘pchilikni tana a'zolari hamda to‘qimalar transplantatsiyasiga oid masalalar, yangiliklar qiziqtirishi tabiiy. Chunki buyrakni ko‘chirib o‘tkazish bo‘ladimi, jigar yoki yurak va o‘pka transplantatsiyasi bo‘ladimi, muhimi, faqatgina shu a'zo transplantatsiyasi bemor hayotini saqlab qolishi mumkin.

Sir emas, zarurat tufayli ayrim bemorlar chet davlatlarga borib, 15 mingdan 250 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan narxlarda ana shu jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘layotgan edi.

Barchani xursand qilgan yangilik: mamlakat tibbiyoti tarixida ilk bor transplantologiya bo‘yicha zamonaviy operatsiyalarni amalga oshirish boshlangani bo‘ldi. Prezident sa'y-harakati bilan hozirda bu soha faoliyatinining huquqiy asosi mustahkamlanmoqda.

Vazirlar Mahkamasining «Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori shunday amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.

KUN.UZ’ga sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, ushbu hujjat surunkali buyrak va jigar kasalliklarining terminal bosqichidagi bemorlarni yuqori texnologiyali ixtisoslashgan tibbiy yordam bilan ta'minlash, yaqin qarindoshlik transplantatsiyasini tashkil qilish maqsadida qabul qilindi. Nizom buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish tartibini, transplantatsiyani bajarishga ko‘rsatma va qarshi ko‘rsatmalarni, donor va retsipiyentning huquqlari va majburiyatlarini belgilaydi.

Endilikda O‘zbekistonda tana a'zolarini transplantatsiya qilish operatsiyalari bajarilar ekan, eng avvalo, xalqimizga yuksak texnologiyalar vositasida, eng ilg‘or tibbiy standartlar asosida xizmat ko‘rsatish, bemorlarning haq-huquq va manfaatlarini muhofazalashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Davolash muassasalarini jihozlash, kadrlar tayyorlash borasida jadal ish olib borilmoqda. Ayni damda transplantologiya sohasining jahondagi eng nufuzli mutaxassislari bilan yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

— Mana, xalqimiz va tibbiyot xodimlari uzoq yillardan buyon kutgan yangilik bo‘ldi. Mamlakatimizda a'zolar transplantatsiyasi kabi o‘ta noyob va murakkab jarrohlik amaliyoti yo‘lga qo‘yildi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh transplantologi Ulug‘bek YO‘LDOSheV. — Bunday yuqori texnologik operatsiyalar Amerika, Germaniya, Norvegiya, Shveytsariya va Hindiston kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlardagina bajariladi, xolos. Bugun yurtimiz tibbiyoti ana shu davlatlar qatoridan joy oldi. Ilgari bemorlar chet davlatlarga borib, katta mablag‘ sarflab, ana shu jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘layotgan edi. Lekin shunga ehtiyoji bor bemorlarning barchasi ham bunday imkoniyatga ega emas. Masalaning yana bir tomoni — xorijda a'zo ko‘chirish operatsiyasini o‘tkazib kelgan bemorlarda og‘ir asoratli holatlar ham kuzatilib turgandi. Chunki bunday bemorlar doimiy ravishda shifokor nazoratida bo‘lishi lozim, tibbiy ko‘riklardan o‘tib turishi, turmush tarzida o‘ziga xosliklarga amal qilishi talab etiladi. Mana shunday muammolarning oldini olish maqsadida yurtimizda transplantologiya xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Dunyoning sanoqli davlatlaridagina amalga oshiriluvchi bunday yuqori texnologik operatsiyalar endi yurtimizdagi uchta yirik muassasa:

- Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy jarrohlik markazi;

- Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi;

- Toshkent shahar nevrologiya shifoxonasida qilina boshlanadi.

 

Mazkur hujjatda kim donor bo‘la olishi yoki bo‘la olmasligi masalasiga ham aniqlik kiritilgan.

Quyidagi tirik yaqin qarindoshlar donor bo‘lishi mumkin: qonunchilik asosida, o‘zaro qarindosh bo‘lgan shaxslar, ya'ni ota-onalar, tug‘ishgan yoki tutingan aka-uka va opa-singillar, er-xotinlar, farzandlar (shu jumladan, asrab olinganlar), buva va buvilar, nabiralar, shuningdek er-xotinning ota-onalari, tug‘ishgan yoki tutingan aka-uka va opa-singillari.

Ammo, ushbu yaqin qarindoshlar —

- o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan,

- belgilangan holatda o‘zini o‘zi boshqara olmaydigan deb topilgan,

- ozodlikdan mahrum qilingan,

- I va II guruh nogironlari,

- homilador ayollar,

- narkomaniya, surunkali alkogolizm va toksimaniyadan azob chekayotgan bo‘lsa, ulardan transplantatsiya maqsadida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Transplantatsiya o‘tkazishning zarurati to‘g‘risidagi uzil-kesil qaror Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan maxsus komissiya tomonidan qabul qilinadi.

Operatsiyani o‘tkazish uchun donordan operativ usul bilan uning bir buyragi va (yoki) jigar bo‘lagini olishga undan ongli ravishda va erkin holatda yozma shakldagi roziligini olish kerak. Bunda u har tomonlama tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi darkor.

Transplantatsiya bajarilgandan so‘ng donor va retsipiyent kamida uch yil davomida profilaktik dispanser ko‘rigi bilan ta'minlanadi. Bundan tashqari, ambulatoriya nazoratida bo‘lgan bemorlar qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli dori vositalari bilan ta'minlanadi.

Transplantologiya xizmati yo‘lga qo‘yilishining ahamiyati juda katta. Ya'ni, endi bemor to‘liq shifokor nazoratida turadi, eng kichik o‘zgarishlar ham mutaxassislarimiz diqqat markazida bo‘ladi. Bu amaliyotdan keyingi asoratlarning oldini oladi. Shuningdek, bemorning avvalo vaqti va mablag‘i iqtisod qilinadi.

Aytib o‘tish kerakki, hozirda ushbu noyob tibbiy xizmatni joriy etish bo‘yicha asosiy qadamlar tashlandi. Kelajakda uning ko‘lami, imkoniyatlari yanada kengayadi. Buning uchun yurtimizda ilmiy, texnik va huquqiy jihatdan barcha sharoitlar yaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining vaqtinchalik nizomi «Inson organlari, to‘qimalari va hujayralarini transplantatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kirguncha amal qiladi.

Top