1952 yil yozida AQShning Texas shtatida havo 38 daraja issiq bo‘lishiga qaramay shahardagi hamma binolar: suzish havzalari, kinotear, barlar, hamma-hammasi ishini vaqtincha to‘xtatgan. Bularning hammasiga sabab hududda poliomiyelit tarqalgani edi.
Shunday kunlarning birida 6 yoshli bolakay Pol Aleksandr tashqarida yozgi yomg‘ir ostida o‘ynardi. Lekin o‘zini yaxshi his qilmayotgan bolakayning tomog‘i og‘rir, boshi og‘irlashib borayotgandi. Bolakay poliomiyelit yuqtirgan edi. Biroz muddat uyda davolanishdan so‘ng Polni shifoxonaga olib borishadi. Shifoxona ham kasallangan bolalar bilan to‘la edi.
Shifokor tekshirib bolaning falaj bo‘lgan tanasi vazifalarini bajara olmayotgani uchun bloklangan nafas yo‘llarini ochish maqsadida shoshilinch traxeotomiya qilishadi.
3 kundan keyin ko‘zini ochgan bolakay o‘zini xirillab ishlab turgan temir mashina ichida ko‘rdi. Oynalari bug‘lanib turgan mashina ichidagi bola o‘zini o‘lib qolgan deb o‘ylaydi. Biroq temir naydan boshini chiqarishgach, atrofida o‘ziga o‘xshash qancha bolaning temir qutilarda yotganini ko‘radi. Hammaning boshi ko‘rinib turar edi xolos.

Poliomiyelit qanday kasallik?
Poliomiyelit, ko‘pincha polio deb ataladigan, poliovirus tomonidan keltirib chiqariladigan yuqumli kasallikdir. U ko‘proq bolalar orasida tarqaladi va virus og‘iz orqali yoki ifloslangan suv va oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqishi mumkin.
Poliovirus asosan ichakda ko‘payadi va qon oqimi orqali markaziy asab tizimiga tarqalishi, bu esa falajlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Polning og‘riqli kunlari
Shifoxonadagi keyingi 18 oy bolakay uchun azobli o‘tadi. Temir qutidan uning faqat boshi chiqib turar, traxeotomiya sabab gapira olmasdi ham, faqat bolalarning yig‘lagan ovozlarini eshitib yotardi.
Keyinroq Pol poliodan tuzalib ketadi, biroq tanasida asoratlar qolgandi. Bolakayning bo‘ynidan pasti butunlay falaj bo‘lib qolgan. Diafragmasi o‘z vazifasini bajara olmagani uchun temir o‘pka bu vazifani bajarishi kerak edi. Temir silindr motor yordamida havoni siqib o‘pkani ishlashga majbur qilib turardi. Pol esa nafas olish uchun doim uning ichida bo‘lishga mahkum edi. Tibbiyot xodimlari silindrni ochgan paytda esa nafasini tutib turishga majbur


















