O‘zbekistonda buyragi yoki jigari almashtirilgan bemorlar soni bugungi kunda 2600 nafarni tashkil etadi. Bunday bemorlar boshqa organizmdan ko‘chirib o‘tkazilgan organ o‘z organizmlariga moslashib ketishi uchun immunitetni pasaytiruvchi (immunosupressor) dorilarini muntazam qabul qilishlari kerak.
Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, transplantatsiya operatsiyasi o‘tkazilgan shaxslar davlat tomonidan sifatli (original) immunosupressor dori vositalari bilan bepul ta’minlanishi kerak va buning uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ul hisoblanadi.
Vazirlik immunosupressor dori vositalarini yetkazib berish bo‘yicha tanlov o‘tkazadi. Bemorlarni bu zarur dori vositalari bilan ta’minlash “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga asosan amalga oshiriladi. Ya’ni dorilar tender tanlovida yutgan qaysidir firma tomonidan xorijdan olib kelingach, bemorlarga tarqatiladi.
Kun.uz'ga murojaat qilgan bemorlar davlat tomonidan berilishi kafolatlangan dorilar o‘z vaqtida hamda yetarli miqdorda yetkazib berilmayotgani, qolaversa, dorilar ta’minotida tez-tez uzilishlar kuzatilayotgani, bu esa ularning salomatligini xavfga qo‘yayotganidan shikoyat qilishmoqda.
— Andijon viloyatida buyrak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan bemorlar nomidan yozyapman. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bizga zarur bo‘lgan dorilar o‘z vaqtida yetkazib berilmayapti. Transplantatsiya jarayonini o‘tkazgan bemorlarga qo‘yilgan begona organ immunitet tomonidan rad etilmasligi uchun doimiy ravishda 2 turdagi dorilarni ichib yurishi shart. Agarda bemor zarur dorilarni 1 sutka davomida ichmasa, jarrohlik yo‘li bilan unga boshqadan ko‘chirib o‘tkazilgan buyrak ishlamay qolib, alaloqibat bu o‘limga olib keladi.
2021–2022-yillar davomida SSVga va Andijon viloyati SSBga ko‘p marta yozma va og‘zaki murojaat qildik. «Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasida ham Andijonga kelgan deputatlarga barcha muammolarimiz aytilgan. Biroq shuncha sa’y-harakatlardan keyin ham bizga berilishi kerak bo‘lgan dorilar yetarli miqdorda va o‘z vaqtida yetkazib berilmayapti. Natijada bemorlar o‘zlari uchun zarur bo‘lgan “Prograf” va “Sellsept” (“Pangraf”, “Mayfortik”, “Sandimmun neoral”) dorilarini qimmat narxlarda sotib olishga majbur bo‘lishmoqda. Bu dorilarni faqat Toshkent shahridagi dorixonalardan topish mumkin.














