10:15 / 05.12.2017
13569

Vazirlar Mahkamasi “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi bo‘yicha qaror chiqardi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3221-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

O‘zining temir yo‘llariga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning temir yo‘l transporti xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazi tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

“Temir yo‘l mahsulotlarini sertifikatlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

“Putur yetkazmasdan nazorat qilish laboratoriyasi” davlat unitar korxonasi tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

2. Quyidagilar faoliyatni moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

O‘zining temir yo‘llariga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning temir yo‘l transporti xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazi uchun - o‘zining temir yo‘llariga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning temir yo‘l transporti xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha tuzilgan shartnomalar doirasida pulli ta'lim xizmatlari ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

“Temir yo‘l mahsulotlarini sertifikatlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi uchun - temir yo‘l mahsulotlarini sertifikatlashtirishni amalga oshirish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar doirasida pulli xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

“Putur yetkazmasdan nazorat qilish laboratoriyasi” davlat unitar korxonasi uchun - putur yetkazmasdan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar doirasida pulli xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi «O‘zstandart» agentligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Majburiy tartibda sertifikatlanadigan O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari ro‘yxatiga temir yo‘l mahsulotlarining tegishli turlarini kiritishga doir o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari - “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J.Ramatov hamda O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i D.B.Axmedov zimmasiga yuklandi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish
xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi poyezdlar harakati xavfsizligini ta'minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l ma'muriyatining funksiyalarini bajaruvchi hamda davlat, xo‘jalik boshqaruvi organlari va temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yurituvchi boshqa tashkilotlar tomonidan temir yo‘l transporti sohasida harakat xavfsizligini ta'minlashga oid belgilangan qoidalar va normalarga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tashkilotlari va korxonalarida qozonxona obektlari va ko‘tarish inshootlaridan xavfsiz foydalanishni nazorat qiluvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.

“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi va uning tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansiga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida g‘azna hisobraqamlariga, bank hisobraqamlariga, shu jumladan chet el valyutasidagi hisobraqamlariga ega bo‘ladi.

“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining hududiy filiallari yuridik shaxs hisoblanmaydi.

“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tizimiga quyidagilar kiradi: markaziy apparati; Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Orolbo‘yi va Qashqadaryo hududiy filiallari; O‘zining temir yo‘llariga ega bo‘lgan yuridik shaxslarining temir yo‘l transporti xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazi; “Temir yo‘l mahsulotlarini sertifikatlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi; “Putur yetkazmasdan nazorat qilish laboratoriyasi” davlat unitar korxonasi.

Quyidagilar “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi ta'minlanishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;

temir yo‘l transportida foydalaniladigan mahsulotlarning texnik jihatdan tartibga solish, shuningdek, ularni sertifikatlashni tashkil etish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini nazorat qilish,;

o‘zining temir yo‘llariga ega bo‘lgan yuridik shaxslar xodimlarining tizimli ravishda malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;

temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi sohasida hamkorlikni amalga oshirish va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ifoda etish;

“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

1) O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta'minlash yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:

umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transportida tashishlar va temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yuritadigan yuridik shaxslarning kirish yo‘llarida xavfsizligini ta'minlashi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;

temir yo‘l transportlari tashkilotlari va korxonalari tomonidan temir yo‘l transportida tashishlar xavfsizligini ta'minlash, harakatlanuvchi tarkibni, temir yo‘l transportining texnik vositalarini saqlash, ularga xizmat ko‘rsatish, ta'mirlash va ulardan foydalanish bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar hamda normativ hujjatlar talablari bajarilishini nazorat qilish;

temir yo‘l transporti korxonalari va tashkilotlari tomonidan temir yo‘llarda poyezdlar harakati xavfsizligini ta'minlashga va temir yo‘lda tashishlar xavfsizligini ta'minlaydigan texnik vositalarning ishonchliligini oshirishga qaratilgan kompleks profilaktika chora-tadbirlari belgilangan muddatlarda bajarilishi yuzasidan davlat nazoratini ishlab chiqish va amalga oshirish;

ichki va xalqaro yo‘llarda temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilarni tashish faoliyatini litsenziyalash, shuningdek, lisenziatlarning litsenziya talablari va shartlariga rioya etishini nazorat qilish;

obektlar, mahsulotlar va texnologiyalarning temir yo‘l transporti sohasida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan ularni doimiy yoki vaqtincha foydalanishga qabul qilishda ishtirok etish;

obektlar, mahsulotlar va texnologiyalarning temir yo‘l transporti sohasida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan ularni foydalanishga qabul qilish loyihalari va ishlarini ekspertizadan o‘tkazish va ular bo‘yicha xulosalar berish;

lokomotivlar, yuk hamda izotermik vagonlarning xizmat muddatini uzaytirish maqsadida ishlab chiqarishda texnik yechimlardan foydalanish huquqini kelishish va buning uchun guvohnoma berish;

O‘zbekiston Respublikasi hududida yuz bergan favqulodda hodisalar (avariya, halokat) yuzasidan xizmat tekshiruvlarini belgilangan tartibda tashkil etish va o‘tkazilish, shuningdek, boshqa davlatlar hududida O‘zbekiston Respublikasi yo‘lovchi tashish poyezdlarining favqulodda hodisalarini tekshirishda belgilangan tartibda ishtirok etish;

poyezdlar harakati xavfsizligi talablarini buzish holatlari bo‘yicha temir yo‘l transporti korxonalari va tashkilotlari tomonidan olib boriladigan xizmat tekshiruvlarining to‘g‘riligini nazorat qilish (halokatga uchrash va avariyalar bundan mustasno);

temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari tomonidan poyezdlar harakati xavfsizligi qoidalarini buzish holatlarini hisobga olish va tahlil etish, shuningdek, temir yo‘l transportida tashishlar xavfsizligi holati haqida ularni xabardor qilish;

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ korxonalari va tashkilotlarida qozonxona obektlari, ko‘tarish inshootlari va o‘lchash tizimlarini saqlash, ulardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi huquqiy-normativ hujjatlar va normativ hujjatlarga rioya etilishini nazorat qilish;

temir yo‘l transporti korxonalari va tashkilotlari tomonidan temir yo‘l transportida tashishlar xavfsizligini oshirish bo‘yicha sohaga oid dasturlarning amalga oshirilishini nazorat qilish;

temir yo‘l transportida tashishlar xavfsizligini ta'minlash, harakatlanuvchi tarkibni, temir yo‘l transportining texnik vositalarini saqlash, ularga xizmat ko‘rsatish, ta'mirlash va ulardan foydalanish bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar hamda normativ hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqish va qabul qilish;

O‘zbekiston Respublikasi hududida yo‘l harakati xavfsizligi talablarining buzilishi va ularning sabablari yuzasidan rasmiy tekshiruv o‘tkazish tasnifi hamda tartibi bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqish va qabul qilish;

temir yo‘l transporti korxonalari va tashkilotlarining lavozimga yangi tayinlangan, shuningdek, poyezdlar harakati xavfsizligi buzilishiga yo‘l qo‘ygan rahbarlari va mas'ul xodimlarini temir yo‘l transportida tashishlar xavfsizligini ta'minlash, harakatlanuvchi tarkibni, temir yo‘l transportining texnik vositalarini saqlash, ularga ko‘rsatish, ta'mirlash va ulardan foydalanish bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar hamda normativ hujjatlarni bilishi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish;

umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transportida poyezdlar harakati xavfsizligini texnik va texnologik nazorat qilishni ta'minlovchi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ning tarkibiy bo‘linmalari faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish;

temir yo‘l transportida tashuvchilarning yo‘lovchilar hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazilganligi uchun o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan majburiyatlarni bajarishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;

nazorat funksiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlik sub'yektlari, shuningdek, iste'molchilarning huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash;

2) temir yo‘l transportida foydalaniladigan mahsulotlarning texnik jihatdan tartibga solish, shuningdek, ularni sertifikatlashni tashkil etish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini nazorat qilish sohasida:

materiallar, detallar, uzellar va buyumlarning sifati, texnik holati hamda qolgan resurslar to‘g‘risida ma'lumot olish maqsadida ularning muvofiqligini baholash, parametrlarini aniqlash;

obektlar va ishlab chiqariladigan mahsulotlarning talab qilinadigan sifatini ta'minlash, ishonchliligi va mustahkamligini oshirish, ulardan ishonchli va xavfsiz foydalanishni ta'minlash maqsadida obekt parametrlarini yoki ularning ayrim elementlari hamda uzellarini putur yetkazmasdan nazorat qilish, mustaqil ekspertizadan, zarur sinovlar va o‘lchashlardan o‘tkazish;

temir yo‘l transportida foydalaniladigan va tayyorlovchi tomonidan keyinchalik sertifikatlash uchun buyurtma berilgan mahsulotlarning xavfsizlik va sifat ko‘rsatkichlarini texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga muvofiq o‘rganish va baholash;

respublikada ishlab chiqariladigan va foydalaniladigan temir yo‘l mahsulotlarining sinov bazasini va sertifikatlashni rivojlantirish choralarini ko‘rish va shu asosda muvofiqlikni baholash natijalarining davlatlararo darajada e'tirof etilishiga erishish;

harakatlanuvchi tarkibni va temir yo‘l transportining texnik vositalarini sertifikatlash bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqish va qabul qilish;

temir yo‘l transporti vositalarini ishlab chiqaruvchi, quruvchi va ishlatuvchi korxonalar va tashkilotlar faoliyatini ularda poyezdlarning xavfsiz harakatlanishini ta'minlash bo‘yicha texnik tekshirishni tashkil etish va o‘tkazish hamda ularga belgilangan tartibda muvofiqlik sertifikatini berish;

3) o‘zining temir yo‘llariga ega bo‘lgan yuridik shaxslar xodimlarining tizimli ravishda malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash sohasida:

temir yo‘l transporti sohasida harakat xavfsizligini ta'minlash masalalari bo‘yicha kadrlarni professional darajada qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida davlat siyosatini amalga oshirish;

o‘zining temir yo‘llariga ega bo‘lgan yuridik shaxslar temir yo‘l transporti xodimlarining malakasini belgilangan tartibda muntazam oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etish hamda o‘tkazish;xalqaro tashkilotlar, boshqa davlatlarning tegishli nazorat idoralari bilan “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha aloqalarni belgilangan tartibda amalga oshirish;

temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilar tashishda xavfsizlikni ta'minlash, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, temir yo‘llardan texnik foydalanish, temir yo‘l halokatlari va hodisalarini tekshirish masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar ishida, konferensiyalar va seminarlarda ishtirok etish;

“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek, o‘ziga qarashli hududiy filiallar va tashkilotlar orqali amalga oshiradi.

Mavzuga oid
Top