16:07 / 06.01.2018
15633

Markaziy bank likvidlilik tanqisligi yuzaga kelganda banklarni kreditlaydi

Foto: KUN.UZ

“Markaziy bank to‘g‘risida”gi Qonunga qo‘shimchalar kiritildi. Tuzatishlar 3.01.2018 yildagi “Ayrim davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi, shuningdek fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan kiritilmoqda.

Norma.uz’ning yozishicha, Markaziy bank o‘zi belgilagan shartlarda banklarga kredit berishga haqli.  Bunday kreditlar oltin, valyuta boyliklari, davlat qarz majburiyatlari, tijorat veksellari va hokazolar ta'minoti ostida beriladi.

Tuzatishlarga ko‘ra, banklarda likvidlilik tanqisligi yuzaga kelgan, garov aktivlari esa mavjud bo‘lmagan hollarda Markaziy bank banklarga qisqa muddatli ta'minotsiz kreditlar berishga haqli. Bu holatda kreditlash tartibi va shartlarini Markaziy bankning o‘zi belgilaydi hamda ularni OAVda, shuningdek o‘z rasmiy saytida e'lon qiladi.

Ma'lumot uchun: Xalqaro moliyaviy hisobot standartlarida qo‘llaniladigan terminologiyaga binoan likvidlilik deganda depozitlardan mablag‘lar yechishni to‘lash va to‘lov muddati yuzaga kelganda barcha boshqa moliyaviy majburiyatlar bo‘yicha javob berish uchun yetarli mablag‘lar mavjudligi tushuniladi.

Lidvidlilik koeffitsiyentlari barcha banklar uchun majburiy bo‘lgan iqtisodiy normativ sifatida Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

Qonun 5.01.2018 yildan kuchga kirdi.

Top