22:03 / 02.02.2018
12293

Prezident ekologik holatni yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 fevral kuni ekologik holatni yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tahlil etish, eng dolzarb vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 21 apreldagi farmoniga muvofiq, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi qayta tashkil etilib, uning zimmasiga ekologik holatni yaxshilash, maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash borasida ulkan vazifalar qo‘yildi.

Shuningdek, 2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tubdan yaxshilash yuzasidan kompleks dastur qabul qilinib, moliyalashtirish manbalari aniq belgilab berildi.

Tizimda 13 ta “Toza hudud” davlat unitar korxonasi va ularning 174 ta tuman (shahar) filiali tashkil etildi. Ushbu unitar korxonalar balansiga 1 ming 300 ta maxsus texnika, 1 mingta chiqindi to‘plash maydonchasi, 5 ming 800 ta konteyner va 172 ta poligon o‘tkazildi.

O‘tgan yili qo‘shimcha 305 ta chiqindi to‘plash maydonchasi qurilib, 2 mingdan ziyod konteyner bilan jihozlandi. Respublika bo‘yicha jami 295 ta poligon to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularning kadastri tuzildi, 97 ta chiqindi poligoni tartibga keltirildi. Qo‘mita qoshida maishiy chiqindilar bilan bog‘liq masalalarni nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi.

Biroq, bu sohada hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar va qilinadigan ishlar juda ko‘p. Masalan, yurtimizda 53 foiz aholiga sanitar-tozalash xizmati ko‘rsatiladi, xolos. Shundan atigi 15 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Deyarli barcha qishloqlarda maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash va tashish umuman yo‘lga qo‘yilmagan.

Yig‘ilishda shu kabi kamchilik va muammolar tanqidiy tahlil qilinib, tizim oldidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga tegishli vazirliklar bilan birgalikda shaharlarda chiqindi yig‘ish shoxobchalarini tartibga solish, qishloq aholi punktlarida sanitar-tozalash xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha 5 yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Ushbu dasturda ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi sonidan kelib chiqib, chiqindi yig‘ish maydonchalarini namunaviy loyihalar asosida optimal tashkil etish, chiqindi tashish maxsus texnikalari xaridini ko‘paytirib, qishloq aholisini sanitar-tozalash xizmatlari bilan bosqichma-bosqich qamrab olish, davlat-xususiy sheriklik prinsipi asosida “Toza hudud” unitar korxonalari buyurtmasiga ko‘ra sohada tadbirkorlar ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari nazarda tutiladi.

Top