17:02 / 01.05.2018
18161

Vazirlar Mahkamasi omuxta yem ishlab chiqarishga doir yangi qarorni qabul qildi

Vazirlar Mahkamasining “Respublikada zamonaviy sanoat usulida omuxta yem ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Qaror bilan quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining past rentabelli paxta va g‘alladan bo‘shagan, ozuqa ekinlari uchun ajratilgan maydonlarda joriy yilda makkajo‘xori ekinini joylashtirish hamda 2018-2019 yillarda hududlarda bo‘rdoqichilik komplekslarini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining “O‘zdonmahsulot” AK va “O‘zpaxtayog‘” AJ tizimidagi tashkilotlar hamda tadbirkorlik sub'yektlaridagi mavjud omuxta yem ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilib borish va yangi quvvatlarni ishga tushirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Respublikada omuxta yem ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning xomashyo bazasini ko‘paytirish maqsadida past rentabelli paxta va g‘alladan bo‘shagan maydonlarga 2018 yilda makkajo‘xori ekinini joylashtirish va makka doni yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari omuxta yem ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning xomashyo bazasini ko‘paytirish uchun kelgusi yillarda ozuqa ekinlari ekish uchun ajratiladigan yer maydonlarini bosqichma-bosqich oshirib borish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda 2019 yil hosilidan boshlab, ozuqa ekinlarining superelita urug‘larini originatorlar va ilmiy tajriba stansiyalarida, elita urug‘larini urug‘chilik yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi boshqa tashkilotlarda yetishtirgan holda, ozuqa ekinlari uchun ajratiladigan maydonlarning urug‘likka bo‘lgan talabini to‘liq qondirish choralarini ko‘radi.

Qarorga muvofiq  joriy yilda 28 844 gektar maydonda makkajo‘xori ekiladi hamda 2018-2019 yillarda hududlarda 280 ta bo‘rdoqichilik komplekslari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, 2018-2019 yillarda yiliga 354,0 ming tonna granulalangan va ekstrudirilgan zamonaviy omuxta yem ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali iste'molchilarning omuxta yemga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish rejalashtirilmoqda.

Endilikda, chorva mollari, parranda va baliq ozuqasi uchun ishlab chiqarilayotgan omuxta yem mahsulotlari qadoqlangan va unga mahkamlangan yorliqda mahsulotni tayyorlagan tashkilot, ishlab chiqarilgan sanasi, tarkibi, chorvachilikning qaysi turi, yo‘nalishi va chorva mollarining yoshi uchun tayyorlangan, yaroqlilik muddati va saqlash sharoitlari ko‘rsatilishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va “O‘zdonmahsulot” AK bilan birgalikda 2019 yil hosilidan boshlab, davlat ehtiyojlari uchun makka donini xarid qilish tartibi bo‘yicha bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

“O‘zdonmahsulot” AK va “O‘zpaxtayog‘” AJga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda granulalangan va ekstrudirlangan zamonaviy omuxta yem ishlab chiqarishga bo‘lgan qo‘shimcha talab va ehtiyojlardan kelib chiqib, yangi quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha har yil yakunida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borish topshirildi.

“O‘zdonmahsulot” AK, “O‘zpaxtayog‘” AJ O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda xomashyo resurslaridan samarali foydalangan holda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sektorlari bo‘yicha omuxta yem tayyorlashning ilmiy asoslangan retsepturalarini ishlab chiqib, amaliyotga tadbiq etadilar va ularni har chorakda yangilab borishni ta'minlaydilar.

Quyidagilar:

“O‘zdonmahsulot” AK va “O‘zpaxtayog‘” AJ tizimidagi tashkilotlar, tadbirkorlik sub'yektlari, parrandachilik va chorvachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, shu jumladan spirt, pivo, tomat va meva sharbatlari, un mahsulotlari, noan'anaviy o‘simlik moylari, baliq, go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonida hamda kushxonalarda hosil bo‘ladigan ozuqabop chiqindilar – to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida, shuningdek, paxta shroti va sheluxa mahsulotlari belgilangan tartibda – birja savdolari orqali realizatsiya qilinishi;

“O‘zdonmahsulot” AK va “O‘zpaxtayog‘” AJ tizimidagi tashkilotlar hamda tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ozuqabop chiqindilar, kepak, paxta shroti va sheluxasi, boshoqli, dukkakli va makka donlari hamda premikslardan ilmiy asoslangan retsepturalar asosida omuxta yem tayyorlashda xomashyo sifatida foydalanilishi inobatga olinadi.

Belgilansinki, chorva mollari, parranda va baliq ozuqasi uchun ilmiy asoslangan retsepturalar asosida ishlab chiqarilayotgan omuxta yem mahsulotlari qadoqlangan va unga mahkamlangan yorliqda mahsulotni tayyorlagan tashkilot, ishlab chiqarilgan sanasi, tarkibi, chorvachilikning qaysi turi, yo‘nalishi va chorva mollarining yoshi uchun tayyorlangan, yaroqlilik muddati va saqlash sharoitlari ko‘rsatiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi omuxta yem mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida “O‘zdonmahsulot” AK va “O‘zpaxtayog‘” AJ tizimidagi tashkilotlar hamda tadbirkorlik sub'yektlariga hududlarda faoliyat yuritayotgan kushxonalar, go‘sht va baliqni qayta ishlash, kolbasa, pivo, tomat va meva sharbatlari ishlab chiqaruvchi tashkilotlardan ikkilamchi va ozuqabop chiqindilarni shartnoma asosida sotib olishiga amaliy yordam ko‘rsatadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “O‘zdonmahsulot” AK bilan birgalikda har yili davlat ehtiyojlari uchun qabul qilingan bug‘doy va arpa resurslarining ishlatilishi bo‘yicha balanslarni tayyorlashda omuxta yem ishlab chiqarish uchun 5-sinf bug‘doyi va arpa hajmlarini oshirib borishni nazarda tutadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zdonmahsulot” AK va “O‘zpaxtayog‘” AJ ilmiy asoslangan retsepturalar asosida omuxta yem tayyorlashda talab etiladigan resurslarni o‘rganib, respublikada yetishmaydigan xomashyolarni chetdan olib kelish bo‘yicha bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zdonmahsulot” AK, “O‘zpaxtayog‘” AJ va “Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ bilan birgalikda omuxta yemni birja savdolari orqali realizatsiya qilish (sotish) tartibi to‘g‘risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlaydilar.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradilar.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklandi.

Mavzuga oid
Top