8395.15 USD -6.38

9510.03 EUR -113.08

127.67 RUB -0.68

10869.2 GBP -122.52

23:40 / 14.05.2018 15741

Prezidentning AQShga tashrifi doirasida 8,5 milliard dollarlik shartnomalar imzolanishi kutilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Matbuot xizmati rahbari Komil Allamjonov AQSh poytaxti Vashington shahridagi matbuot markazida brifing o‘tkazdi.

«Xabaringiz bor, 15 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining AQShga rasmiy tashrifi boshlanadi, — deb boshladi K.Allamjonov brifingni. — Davlatimiz rahbarining samolyoti 15 may kuni Vashingtondagi Endryus aeroportiga qo‘nadi.

Shavkat Mirziyoyevni AQSh davlat departamenti rahbariyati va boshqa rasmiy shaxslar kutib oladi.

Bu tashrifga har ikki tomon ham katta e'tibor bilan qaramoqda. AQSh ma'muriyati O‘zbekiston prezidenti tashrifini tarixiy, deb baholamoqda.

Fursatdan foydalanib, sizlarga tashrifdan o‘rin olgan tadbirlar haqida ma'lumot berib o‘tmoqchiman.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 may kuni Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Muzokaralar avval tor doirada, keyin keng doirada bo‘lib o‘tadi. Keng doiradagi muzokaralarda O‘zbekiston va AQSh delegatsiyasi vakillari ishtirok etadi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Tashrif davomida 40dan ortiq hujjatlar qabul qilinishi, shu jumladan, umumiy qiymati 8,5 mlrd dollarlik savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu raqamlar, albatta, tashrif davomida o‘zgarishi mumkin. Bu haqda qo‘shimcha ma'lumotlar beriladi.

Shu kuni kechqurun O‘zbekiston tomoni rasmiy qabul marosimi o‘tkazadi, bu yerda AQSh ma'muriyati rahbariyati, vazirlik va idoralar, yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etadi.

Prezidentimiz 17 may kuni Pentagonga tashrif buyurib, AQSh mudofaa vaziri bilan muzokara o‘tkazadi. Kapitoliyda kongressmenlar va senatorlar bilan uchrashib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni hartomonlama mustahkamlash masalalarini muhokama qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Jahon banki prezidenti bilan uchrashib, mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiya jalb qilish bo‘yicha muzokara olib boradi.

Tashrif davomida bo‘lib o‘tadigan muloqotlar, ularning natijalari haqidagi qo‘shimcha ma'lumotlar matbuot markazi orqali yetkazib boriladi».

Top