10:26 / 18.05.2018
16108

Amazon rahbariyati bilan muzokaralar olib borilmoqda – Jamshid Xo‘jayev

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi davomida bir qator hujjatlar imzoladi.

Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, AQSh Savdo vazirligi bilan savdo aloqalarini kengaytirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Ushbu hujjat ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish va ikki mamlakat hududida ularning investitsiya faoliyatini rag‘batlantirishni nazarda tutadi.

Tashqi savdo vazirligi, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida USAID bilan o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzoladi. Amerika tomoni ushbu jarayonda texnik yordam beradi, shu jumladan, JSTga taqdim etish uchun hujjatlarni tayyorlashda va mamlakatning tashkilotga a'zo bo‘lish oqibatlarini tahlil qilishda ko‘mak ko‘rsatadi.

Openbucks Corp. to‘lov kompaniyasi bilan O‘zbekistonda elektron savdoni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi. O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish uchun «yo‘l xaritalarini» tayyorlash va o‘zbek tadbirkorlarining global savdo platformalariga hamda elektron to‘lov tizimlariga kirishini kengaytirish rejalashtirilgan. 

Hozir Amazon rahbariyati bilan muzokaralar olib borilmoqda. «Bu kompaniya birinchi marta bozorimizga qiziqishini ko‘rsatdi. Ushbu masala bo‘yicha hamkorlikda biz bir necha yutuqlarga erishdik. Hozirda Amazon rahbariyati bilan muzokaralar olib borilmoqda va o‘zbek bozoriga chiqish uchun yo‘l xaritasini birgalikda ishlab chiqishni nazarda tutadigan memorandumlar loyihasi ishlab chiqilmoqda», - dedi tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev.

O‘zbek mahsulotlarining AQSh bozoriga uzluksiz kirishi uchun WCC International kompaniyasi bilan o‘zbek to‘qimachilik va boshqa mahsulotlarni sertifikatlash bo‘yicha loyihani amalga oshirishga doir kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda organik paxta yetishtirish bo‘yicha xalqaro dasturni joriy etish kutilmoqda.

Mavzuga oid: Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi yakunlandi. Nimalarga erishildi?

Top