08:39 / 29.06.2018
10265
Gazeta tahririyatida otishma sodir etgan kishining kimligi ma'lum
Foto: AP Photo/Susan Walsh

AQSh politsiyasi Merilend shtatida Capital Gazette gazetasi tahririyatida otishma sodir etgan erkakning shaxsini o‘rnatdi. Bu haqda gazetaga egalik qiluvchi The Baltimore Sun nashri ma'lum qildi. 

Avvalroq gazeta tahririyatida otishma sodir bo‘lib, 5 kishi halok bo‘lgani va yana bir necha kishi yaralangani ma'lum qilingandi.

Gumonlanuvchining ismi Jyerrod Uorren Ramos bo‘lib, u 2012 yilda tuhmat uchun gazeta ustidan sudga da'vo arizasi topshirgan, biroq uning arizasi qondirilmagan.

Capital Gazette’da ma'lum qilinishicha, 38 yoshli Ramosning ismi nashrning 2011 yil iyul sonidagi maqolada yodga olingan. Maqolada Ramos sobiq sinfdoshiga tegajog‘lik qilgani bilan bog‘liq voqea haqida so‘zlangan. Ayol Ramos ustidan politsiyaga shikoyat qilgach, u tegajog‘lik qilishni to‘xtatgan, biroq bir necha oy o‘tib yana eski qilig‘ini qaytara boshlagan. Natijada erkak sudlanib, ayolga tahdid qilganini tan olgan va 3 oyga shartli qamoq jazosiga mahkum qilingan.  

Jyerrod Uorren Ramos / Foto: news.sky

Ramos maqola yuzasidan gazetani sudga bergan, biroq sudda yutqazib qo‘ygan. Keyinchalik uning tvitterdagi sahifasida gazeta haqida yuzlab salbiy yozuvlar paydo bo‘lgan. 2012 yilgacha gazeta xodimlaridan biri bo‘lgan Tom Markuardtning ma'lum qilishicha, Ramos bir necha yil davomida gazeta xodimlarini ta'qib qilib yurgan. Shu sababli gazeta xodimlari Ramosdan xavfsirab yurishgan.

Tvitterda Ramosga tegishli ekanligi taxmin qilinayotgan sahifada foydalanuvchi surati sifatida u haqda maqolani chop etgan jurnalist surati turgan. Gazetada ta'kidlanishicha, Ramos sahifasida 2015 yilda Parijdagi “Sharli Ebdo” gazetasi tahririyatida yuz bergan otishma haqida eslatma bo‘lgan. Sahifa 2016 yildan beri yangilanmagan, biroq otishma sodir etilgan 28 iyunda unda so‘kinish va “Meni tinch qo‘ying” degan yozuv paydo bo‘lgan.

Politsiyada ta'kidlanishicha, bosqinchi aynan jurnalistlarni nishonga olgan. 

Bundan tashqari, gumonlanuvchi o‘z shaxsi o‘rnatilishini qiyinlashtirish maqsadida barmoqlariga ataylab shikast yetkazgan, ya'ni ulardagi terini ko‘chirib olgan. Biroq politsiya yuzni aniqlash kompyuter texnologiyasi yordamida bosqinchining shaxsini o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan.

Capital Gazette nashri tahririyati uncha katta bo‘lmagan, unda 7 nafar muharrir, 8 nafar muxbir va 3 nafar yuqori bo‘g‘in xodimi ishlagan. 

Mavzuga oid
Top