14:12 / 30.06.2018
8662

Viktor Mahmudov qozog‘istonlik hamkasbi bilan uchrashdi, mintaqaviy xavfsizlik masalalari ko‘rib chiqildi

Foto: akorda.kz

Toshkentda Qozog‘iston va O‘zbekiston Xavfsizlik kengashlari apparatlari o‘rtasida kengaytirilgan maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Oqo‘rda matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida mintaqaviy xavfsizlik va ikki tomonlama hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi, Afg‘onistondagi vaziyatni hisobga olgan holda Markaziy Osiyodagi holatning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, harbiy-texnikaviy va harbiy sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish muhokama qilindi.

Shuningdek, kun tartibiga noqonuniy migratsiya bilan kurashish, bojxona nazorati, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini takomillashtirish sohasidagi hamkorlik ham olib chiqildi.

Bundan tashqari, tomonlar Qozog‘iston-O‘zbekiston davlat chegarasida nazorat-o‘tkazish punktlarini, avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, chegaraoldi hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi bandlari bajarilishining dastlabki natijalarini ko‘rib chiqdilar.

Yig‘ilishni Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nurlan Yermekbayev va O‘zbekiston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov boshqardi. 

Top