11:39 / 07.07.2018
56378

Xorazmda hokim o‘rinbosari, Andijonda direksiya rahbari pora bilan qo‘lga tushdi

1 iyul kuni Xorazm viloyati Urganch tumani hokimining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Bekzod Abdurimov mahalliy fuqarodan 5 million so‘m miqdorida pora olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturida xabar berildi.

Tuman hokimligida sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalariga javobgar bo‘lgan bu mansabdor Davlat xavfsizlik xizmati Xorazm viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Urganch shahar bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan amaliyot doirasida ushlangan.

Bekzod Abdurimov shu yilning 10 iyunida lavozimga tayinlangandi.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mansabni suiiste'mol qilish bo‘yicha yana bir holat Andijon viloyati Asaka tumanida fosh etilgan. 

Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari Asaka tumani hokimiyati qoshidagi qurilayotgan korxonalar direksiyasi rahbari Shokir Mahkamovni pora olish ustida qo‘lga tushirishgan. U sanoat zonasi hududidan 0,2 gektar yer ajratib berishni va'da qilib, 1000 dollar va 6,5 mln so‘m pora talab qilgan.

Direktsiya rahbari Asaka tumani «Axtachi» mahallasi hududida pora olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.

Top