18:33 / 08.08.2018
8197

Nogironligi bo‘lgan shaxslar transport vositalarining to‘xtab turish joylariga qanday talablar qo‘yildi?

Foto: zrkuban.ru

Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, Avtomobil transporti agentligi, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining qarori bilan Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalarini to‘xtab turishi uchun bozorlar, savdo majmualari va boshqa obektlar hududlaridagi avtotransport vositalari to‘xtab turish joylarining kirish va chiqish qulay bo‘lgan qismida nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari to‘xtab turish joylari tashkil etiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylari to‘xtab turish joyi umumiy maydonining kamida 5 foizini (kamida 2 ta joy) tashkil etishi lozim.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylariga Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining 1-ilovasiga muvofiq «5.15. To‘xtab turish joyi» va «7.17. Nogironlar» yo‘l belgilari o‘rnatiladi. 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun ajratilgan to‘xtab turish joylaridan «Nogiron haydovchi boshqarayotgan avtomobil» taniqlik belgisi o‘rnatilgan avtotransport vositasini boshqarayotgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar — nogironlikni tasdiqlovchi tibbiy ma'lumotnomasi hamda 16 yoshgacha nogiron bolasi bo‘lgan ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) — 16 yoshgacha nogiron bola uchun tayinlangan tegishli pensiya guvohnomasi bo‘lganda foydalanishi mumkin.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun ajratilgan to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun haq olinmaydi.

Bozorlar, savdo majmualari va boshqa obektlar hududlaridagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari to‘xtab turish joylari namunaviy chizma asosida jihozlanadi.

Ko‘p qavatli avtotransport vositalari to‘xtash joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalarining to‘xtab turishi uchun joylar birinchi qavatda 
va boshqa qavatlarda liftga yaqin joylardan ajratilishi kerak.

Bozorlar, savdo majmualari va boshqa obektlar hududlaridagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari to‘xtab turish joylariga ko‘k fonda 
2x2 metr o‘lchamli sariq chiziqli nogironligi bo‘lgan shaxs avtotransport vositasining to‘xtab turish joyini bildiruvchi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 
370-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining 2-ilovasiga muvofiq 
1.24 «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari to‘xtab turish joyi» yotiq chizig‘i chiziladi.

Bozorlar, savdo majmualari va boshqa obektlar hududlaridagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari to‘xtab turish joylarining o‘lchamlari avtomobil harakat yo‘nalishiga burchak ostida qo‘yilganda eni 3,5 metr, uzunligi 5 metr, harakat yo‘nalishiga parallel qo‘yilganda eni 2,5 metr, uzunligi 7,5 metr bo‘lishi lozim.

Top