8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

17:15 / 12.08.2018 11133

Death Wish Coffee: Oddiy hisobchi qanday qilib qahva bozorini zabt etdi?

Mayk Braun yoqtirmagan ishini tashlab, qahvaxona ochdi. Biznes yurmadi, uyini sotib, oyisinikiga ko‘chib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. O‘shanda unda «dunyodagi eng achchiq qahva»ni tayyorlash fikri paydo bo‘ldi. Bugun uning brendi Walmart’da sotilmoqda. Foyda esa har yili ikki barobarga ortyapti.

Foto: THE BUSINESS PREVIEW

Ma'lumotlar:

Sayt: deathwishcoffee.com

Start vaqti: 2012 yil

Biznesning bugungi holati: 2017 yildagi mahsulot aylanmasi 20 mln dollar

Xodimlar soni: 40 nafar

Asoschilarning karera boshidagi yoshi: 28 yosh

Asoschilarning avvalgi faoliyati: hisobchi.

Imkoniyat

Foto: THE BUSINESS PREVIEW

Qahva – amerikaliklarning sevimli ichimligidir. AQSh qahva bozori 12 mlrd. dollarga baholanadi. Ishqibozlarning o‘rtacha 20 foizi kuniga uch-to‘rt finjon qahva ichadi.

AQShda qahvani uyga yetkazib beradigan 73 kompaniya bor. Shuningdek, o‘nlab yirik tarmoqlar va minglab kichik qahvaxonalar (ularning har biri o‘z qahvasini sotadi) va peshtaxtalarda yuzlab brendlar mavjud.

Bu kompaniyalar orasida Death Wish Coffee o‘z o‘rniga ega. Ishlab chiqaruvchilarning 95 foizi reklama kampaniyalarida asosiy e'tiborni tabiiylik, qovurish yoki yoqimli hidga qaratsa, Death Wish o‘zini «dunyodagi eng achchiq qahva» deb ataydi.

Kompaniyaga 2012 yilda asos solingandi. Bugunga kelib brend Amazondagi birinchi 1000 sotuvchi ro‘yxatiga kirgan va Walmart’ning 900ta do‘konida sotiladi. Kompaniya saytiga har kuni 10 ming tashrifchi kiradi, uning daromadi esa so‘nggi uch yilda yiliga ikki marta oshmoqda.

Qanday boshlashgan?

Kompaniya asoschisi Mayk Braun karerasini Nyu-Yorkda hisobchilikdan boshlagan. Biroz vaqt o‘tgach, xodim bo‘lib ishlash unga ma'qul kelmasligini tushundi. Mayk ishdan ketdi, ko‘plab amerikaliklarga o‘xshab, biroz tanaffus olish va endi nima qilishni o‘ylashga qaror qildi. Biroq tanaffus depressiyaga aylandi, pul tugab borardi va do‘stlari xavotirga tushib, shunday derdilar: «Mayk, bas, yetar. Biror nima qilsang-chi?».

Turli variantlar ustida bosh qotirar, bo‘sh vaqtini qahvaxonalarda o‘tkazardi. 2008 yildagi inqiroz davrida Nyu-Yorkdagi Saragota Springs tumanida ilk qahvaxona ochildi. O‘shanda Mayk 28 yoshda edi.

Qahva do‘konini ochish uchun u uyini sotdi. Biroq do‘kon foyda keltirmasdi. Mayk ijaradagi uyidan ketdi va onasinikiga ko‘chib o‘tdi. O‘sha vaqtda u 30 yoshga chiqqandi.

Faoliyatining boshida brend faqat sayt orqali savdolarga e'tibor qaratdi. Mijozlar diqqatini tortish uchun Mayk o‘ramlarni qahva blogerlari, jurnalist va yulduzlarga yubordi. «99 foiz holatda hech qanday javob bo‘lmasdi. Biroq kun kelib, kimdir biz haqimizda gapirdi va biz savdolarning keskin ko‘tarilganini ko‘rdik», - deya eslaydi Mayk.

Keyinchalik Death WishFacebook va Google’da reklamalar berishni boshladi.

Foto: THE BUSINESS PREVIEW

2016 yilda kompaniya Amerika futbol assotsiatsiyasi – Super Bowl finalida bepul reklama namoyish etish imkoniyatini yutib oldi. Bu AQShdagi eng ko‘p tomosha qilinadigan tadbirlardan biridir. Namoyish etilgan reklama nafaqat savdoga ta'sir ko‘rsatdi, balki kompaniyaga yillik rejani ortig‘i bilan amalga oshirishda yordam beradi. Reklama tufayli kompaniya o‘zi haqida keng ommaga jar soldi, savdo tarmoqlari vakillaridan qo‘ng‘iroqlar kelib tusha boshladi. Aynan shu rolik kompaniyaga Walmart’ga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvda yordam beradi. Jarayon 2018 yilning iyun oyida boshlandi.

Kompaniyaning bugungi ishlari qanday?

Foto: THE BUSINESS PREVIEW

2015 yilda kompaniya 6 mln. dollar pul ishladi.

2016 yilda – 10 mln. dollar.

2017 yilda – 20 mln. dollar.

2017 yilda Maykni EY’ga ko‘ra, «Nyu-Yorkdagi yil tadbirkori» deb atashdi.

Kompaniya savdolari o‘sishda davom etmoqda. Walmart’dagi ishtirokidan tashqari, 2018 yilning uchinchi choragida kompaniya boshqa tarmoqlarda paydo bo‘lib, mahsulotlari tarqalgan do‘konlar sonini yana 550taga oshirmoqchi.

DWC yaqin orada oflayn do‘konlarni ochishni rejalashtirmayapti. Maykning ilk qahvaxonasi o‘z ishini davom ettirmoqda.

Kompaniya hech qachon sarmoyadorlarni jalb etmay turib, ana shu natijaga erishdi.

Foto: THE BUSINESS PREVIEW

 

Top