21:34 / 15.08.2018
41880

Marg‘ilondagi Mehribonlik uyining sobiq direktori o‘rinbosarlari 15,5 va 16 yil muddatlarga qamaldi

Foto: O‘zA

Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahridagi 1-Mehribonlik uyida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etishda ayblangan sobiq direktor o‘rinbosarlariga hukm chiqarildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining yopiq sud majlisining hukmi bilan Q.Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 119-moddasining 4-qismi va boshqa moddalar bilan uzil-kesil 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. 

Shuningdek, shu sudning boshqa tarkibi tomonidan yopiq sud majlisida Mehribonlik uyining direktor o‘rinbosari S.Usmanovga oid jinoyat ishi yakunlanib, unga Jinoyat kodeksi 119-moddasi 3-qismining «a» bandi va boshqa moddalar bilan uzil-kesil 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishida sudlanuvchilar voyaga yetmagan shaxsni tarbiya muassasasida jinoyatga jalb qilish, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, voyaga yetmagan ojiz ahvoldagi shaxsni qiynash, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, shuningdek, ayolni o‘z homilasini sun'iy ravishda tushirishga majburlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan. Mazkur jinoyat ishini ko‘rish 2018 yil 18 aprelda boshlangan. May oyining oxirida sud guvohlar va jabrlanuvchilar ko‘rsatmalarini tinglagan. Iyul oyining boshida sud o‘z hukmini e'lon qilgandi.

Sobiq direktor Kamol Yakubov mansabiga sovuqqonlik bilan qaragan, o‘z vazifasiga loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lgan, muassasa ishini, muassasa tarbiyalanuvchilarini ma'naviy sog‘lom va jismonan barkamol etib tarbiyalash borasidagi faoliyatini izdan chiqarib yuborgan, tarbiyalanuvchilarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari hamda davlat manfaatiga jiddiy ziyon yetishiga sababchi bo‘lgani uchun 4 yilga qamalgandi. 

Bundan oldinroq Marg‘ilon shahridagi Mehribonlik uyining mansabdor shaxslari tomonidan sodir qilingan jinoyatlar yuzasidan muassasaning mansabdor shaxslari va xizmatchilariga doir ish yuzasidan hukm chiqarilganligi, shu bilan birga voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi sodir etilgan jinoyatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining yopiq sud majlisida ko‘rilayotgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top