15:20 / 01.09.2018
40996
Samboda oltin va kumush. O‘zbekiston umumiy reytingda beshinchi o‘rinni naqd qildi
Foto: Anvar Ilyasov

Indoneziyada Osiyo o‘yinlarining yakuniy bahslari o‘tkazilmoqda.

Bugun O‘zbekiston sambo jamoasining yana 4 nafar vakili o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi va yakunda ikki medalga ega chiqishdi.

Dastlab, -90 kg vazn toifasidagi Ne'mat Yoqubov saralash bahslarida ishtirok etdi. U dastlabki raqibi tailandlik Jyengxor Sonram ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Uning nimchorak finaldagi raqibi qirg‘izistonlik Urmat Mambetjan ulu bo‘ldi. Yoqubov ikkinchi jangida ham g‘alaba qozondi - 2:0. Ammo u chorak finalda qozog‘istonlik Aytbek Aybolga 1:3 hisobida yutqazdi. Shundan so‘ng bronza uchun o‘tish bahslarida ishtirok etgan Yoqubov turkmanistonlik Ruslan Esegerovga yutqazib qo‘ydi.

Ayol sambochilar o‘rtasidagi bahslarda -68 kg vazn toifasidagi Nilufar Davletova ishtirokini saralashdan boshladi. U ilk raqibi, livanlik Suellen Silvani 4:0 hisobida yengdi. Nimchorak finalda tailandlik Titapa Junsukplung ham taslim etildi - 4:0. U chorak finalda indoneziyalik Amanda Mutiarani 4:0, yarim finalda qozog‘istonlik Dinara Kudarovani 4:0 hisoblarida mag‘lub etib, finalga chiqdi.

Shundan so‘ng u finalda oltin medal uchun qozog‘istonlik Dildash Kurishbayevaga qarshi gilamga chiqib, 0:3 hisobida yutqazib qo‘ydi va kumush medal bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.

Foto: Anvar Ilyasov

O‘zbekistonlik yana bir sambochi, -68 kg vazn toifasidagi Gulmira Ismatova bahslarga nimchorak finaldan qo‘shildi. U dastlabki raqibi, suriyalik Hasna Saydni 4:0 hisobida yengdi. Ammo chorak finalda mo‘g‘ulistonlik sportchidan yengildi.

Shundan so‘ng, bronza medal uchun o‘tish bahslariga qo‘shilgan Ismatova dastlab indoneziyalik Sakina Sakina to‘sig‘idan o‘tdi - 4:0. Lekin u ikkinchi bosqichda yaponiyalik Tomi Natsukiga yutqazib qo‘ydi - 0:2.

O‘zbekistonning -90 kg vazn toifasidagi ikkinchi vakili Kamoliddin Xolmurodov bahslarga nimchorak finalda qo‘shildi va dastlab yaponiyalik Sato Yosukini mag‘lub etdi - 3:0. Chorak finalda esa u eronlik Iraj Amirxanidan ustun keldi - 4:0. Yarim finalda tojikistonlik Komronshoh Ustorpiyonga qarshi gilamga chiqqan Xolmurodov 3:0 hisobida g‘alabaga erishib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 

U finalda tojikistonlik Umed Hasanboyevga qarshi jang qildi va 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston hisobiga 21-oltin medalni olib keldi.

Foto: Anvar Ilyasov
Foto: Anvar Ilyasov
Foto: Anvar Ilyasov

Ayni vaqtda umumiy reytingda O‘zbekiston delegatsiyasi jami 70 medal bilan (21 oltin, 24 kumush va 25 bronza) beshinchi o‘rinni mustahkamladi.

Oltinchi o‘rinda joylashgan Eron delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 60ta va shundan 19tasi oltin, 19tasi kumush, 22tasi bronza.

Eronlik sportchilarda hali oltin medallar olish imkoniyati mavjud, basketbol jamoasi xitoyliklar bilan, voleybol jamoasi esa janubiy koreyaliklar bilan finalda oltin medallar uchun kurashadi. Eron vakillari bu bahslarda g‘alaba qozonib, oltin medallar sonini 21taga yetkazishsa ham, endi umumiy reytingda O‘zbekistondan o‘zib keta olishmaydi, kumush medallar soni ustunligi O‘zbekistonga Erondan yuqorida joylashish imkonini beradi.

Mavzu
Osiyo o‘yinlari
18 avgustdan 2 sentyabrgacha Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida XVIII Osiyo O‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Turnirda qit'aning 45 mamlakatidan 10 mingga yaqin sportchi ishtirok etadi. Sportchilar Indoneziyada 40 ta sport turi bo‘yicha bellashadi.
Barchasi
Top