11:25 / 04.09.2018
5776

O‘zbekistonga JSST, GAVI, YUNISEF ekspertlari kelmoqda

Foto: Wikipedia

O‘zbekistonda emlash tadbirlarining yuqori darajada tizimli tashkil etilganligi, kelgusida tadbirlarni takomillashtirish va mazkur tajribani xalqaro darajada keng tatbiq etish maqsadida, joriy yilning 5-15 sentabr kunlari respublikaga JSST, GAVI, YUNISEF tashkilotlaridan ekspertlar tashrif buyuradi. Bu haqda Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi matbuot xizmati xabar berdi.
 
Ekspertlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining vakillari ishtirokida ma'muriy hududlarda bo‘lib, davolash-profilaktika muassasalarida immunizatsiya tadbirlari o‘tkazilish jarayonlarini o‘rganadilar.

Sanitariya-epidemiologiya masalasida aholining xotirjamligini ta'minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida, mamlakat aholisi o‘rtasida yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorligi ta'minlanib kelinmoqda. Jumladan, karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, bundan tashqari poliomiyelit, difteriya, qoqshol kasalliklari qator yillar mobaynida qayd etilmadi. 

2015 yildan milliy emlash kalendari asosida 12 ta yuqumli kasalliklarga qarshi emlash ishlari olib borilmoqda. Vaktsinalar davlat byudjyeti hisobidan YUNISEF xalqaro tashkiloti orqali ta'minlanmoqda.

O‘tgan 1995 yildan boshlab “kengaytirilgan emlash” milliy dasturi qabul qilingan bo‘lib, 3 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan aholi o‘rtasida  difteriyaga qarshi, 5 yoshgacha bo‘lgan  bolalar o‘rtasida  poliomiyelitga ommaviy emlash tadbiri o‘tkazildi va shu yilning  o‘zidayoq respublikada poliomiyelit  kasalligi butunlay tugatildi  va mamlakatimizga Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining “O‘zbekiston poliomiyelit kasalligidan ozod”ligi to‘g‘risidagi  sertifikati  berildi. 

Qolaversa, MDH davlatlari o‘rtasida birinchi bo‘lib mamlakatda davlat byudjyeti hisobidan vaksinalarni sotib olish va ularning saqlanishida asosiy shartlardan biri bo‘lgan “sovuqlik zanjiri” tizimi takomillashtirildi va bolalarni   to‘liq  bepul emlash  ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Aholini emlash qamrovi 98% yuqori ko‘rsatkichda bajarilishi natijasida 1995 yildan boshlab polimiyelit, 2002 yildan difteriya, chaqaloqlar qoqsholi, 2011 yildan qizamiq va qizilcha ro‘yxatga olinmayapti.

Respublikada shol kasalligi bo‘yicha mavjud barqaror epidemik vaziyatni saqlab turish, bu kasallikka moyil bo‘lgan aholi guruhlarida immunitet tarangligini talab darajasida bo‘lishini ta'minlash va kasallikka moyil bo‘lgan aholini emlash bilan to‘liq qamrab olish maqsadida, joriy yilning may oyidan boshlab, milliy emlash kalendariga inaktivlangan poliomiyelit vaksinasi (IPV) bilan 4 oylik bolalarni emlash kiritildi. 

Mavzuga oid
Top