Alisher Usmonov 65 yoshini nishonlamoqda
9 sentabr kuni asli o‘zbekistonlik "USM Holding" aksiyadorlik jamiyati ta'sischisi va rahbari, Rossiyadagi metallurgiya zavodi, "Kommersant" gazetasi kabi qator korxonalar egasi, Forbes'ning eng badavlat kishilar reytingida 31-o‘rinda qayd etiluvchi Alisher Usmonov o‘zining 65 yoshini qarshiladi. U dunyoda birinchi bo‘lib Internetning tijoriy salohiyatini ko‘ra bilgan va aksariyat milliarderlardan farqli o‘laroq, o‘z shaxsi atrofida ortiqcha shov-shuvlarsiz xayriya va metsenatlikka 2 milliard dollar kiritgan.
Usmonovning loyihalari
Usmonov fondi tarixida bunday loyihalar talaygina. U Rossiya san'at ustalarining ko‘plab asarlarini boshqa mamlakatlardan ortga qaytargan. RF prezidenti Vladimir Putin va Papa Frantsisk tashabbusi aynan Alisher Usmonov tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlangan. Rafael, Karavadjo, Bellini asarlarini Rossiyaga qaytari, ularni sug‘urtalash - barcha-barchasi Usmonovning sa'y-harakatlari asosida amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, Alisher Usmonovning fondi ko‘zi ojiz bolalar va o‘smirlarni qo‘llab-quvvatlovchi dasturlarni amalga oshiradi: turli shaharlardagi moslashtirilgan teatrlashtirilgan tomoshalarni tashkil qilish, shuningdek reabilitatsion imkoniyatlar shular jumlasidandir. Rossiya va xorijlik oftalmologlarning "Bionik ko‘z" nomli qo‘shma loyihasi esa ko‘rishni orzu qilayotgan qanchadan-qancha bolalarga ko‘rish qobiliyatini qaytardi.
Bundan tashqari, Alisher Usmonov 2014 yilda Christie's kimoshdi savdosida amerikalik olim Jyeyms Uotsonning Nobel medalini sotib olib, uni Rossiya Fanlar akademiyasiga mukofotni egasiga qaytarishlari uchun topshirgan. Uotson moliyaviy ehtiyojlari sabab medalni sotishga majbur bo‘lgandi.
Volga (Rossiya)dagi islom ta'limi markazi - Tataristondagi eng yangi Islom akademiyasi byudjyetining yarmi Usmonovning moliyaviy mablag‘lari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Shu bois Alisher Usmonov bir necha marta yuksak mukofotlar bilan taqdirlangan.
Milliarderning "San'at, ilm-fan va sport" fondi sport klublari va federatsiyalari, yosh sportchilar va tajribali atletlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Alisher Usmonovning o‘zi ham sport ustasi bo‘lib, bugungi kunda Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining prezidenti hisoblanadi. Aynan qilichbozlikka bo‘lgan qiziqish tufayli u Toshkentdagi sport saroylaridan birida o‘zining bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘i badiiy gimnastika bo‘yicha ajoyib chempionlarning murabbiyi Irina Viner bilan tanishgan.
Ta'kidlash joizki, Usmonov bugunga kelib O‘zbekistonda sportning rivojlanishi uchun ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Yaqinda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Alisher Usmonov Toshkentning "Paxtakor" klubini o‘z vasiyligiga olgan. Uning sharofati bilan deyarli barcha narsa – menejment, murabbiylar, jamoa falsafasi o‘zgarmoqda.
O‘zbekiston va e'tirof
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Alisher Usmonovning vatan ravnaqiga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholaydi. "Alisher Burxonovich mamlakatimiz mintaqalarini rivojlantirish, turistik infratuzilmalar, madaniy-tarixiy merosni saqlash, shuningdek ta'lim va sportga doir loyihalarni faol qo‘llab-quvvatlaydi. Qutlug‘ o‘zbek zaminida tug‘ilgan Alisher Usmonov hech qachon o‘zining tarixiy ildizlari haqida unutmagan, bugungi kunda u O‘zbekistonning gullab-yashnashi uchun katta hissa qo‘shmoqda. Darhaqiqat, O‘zbekistonda u katta ehtirom va nufuzga ega", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
31 avgust kuni mamlakatimiz tarixida birinchi marta chet elliklarga O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda Alisher Usmonov «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi. Shundan so‘ng Alisher Usmonov nutq bilan chiqish qildi:
«Albatta, bugungi kun mening hayotimda juda ulug‘ va hayajonli bo‘ldi, chunki davlat rahbari bugun meni mana shunday yuksak nishon bilan taqdirladi. O‘z minnatdorchiligimni bildirish mumkin bo‘lgan so‘zni topishga ojizman. Bugun mening hayotimdagi qiyinchiliklar, armonlar, umidlar yuzaga chiqyapti. Faqat mening hayotim emas, balki butun o‘zbek xalqining umidi bugun sizning qo‘lingizga topshirilgan, - dedi Usmonov Shavkat Mirziyoyevga yuzlanib. - Albatta, har bir o‘zbek o‘g‘lining bugungi majburiyati — qo‘lidan kelgancha, qo‘lidan kelishidan ham ko‘proq yoningizda bo‘lish. Albatta, bu yo‘l juda qiyin va oson kechmaydi. Ishonchim komilki, xalq bunday rahbar boshchiligida albatta o‘z rejalariga yetadi. Men o‘zim uchun, mana shu rejalarga yetishish uchun qilingan har bir harakatimni hayotimning mazmuni deb bilmoqchiman. Sizga yana bir bor katta minnatdorchilik, o‘zingizga sihat-salomatlik, kuch, xalqimizga tinchlik, farovon hayot va, albatta, iqtisodiy boylik tilayman», - dedi Alisher Usmonov.
U o‘z intervyularida doim o‘zbek ekanligidan faxrlanishi haqida ko‘p marta aytgan: "O‘zbekiston mening ona yurtim ekanligidan faxrlanaman. O‘zbekiston uchun, O‘zbekiston rahbariyati uchun qanday foydam tegishi mumkin bo‘lsa, barchasini qilishga tayyorman. Har doim va istalgan daqiqada".
Hamkorlar tabrigi
Alisher Usmonovning yubileyi munosabati bilan uning qadrdon do‘sti, qilichboz, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi rahbari Tomas Bax tabrik yo‘lladi.
"Agar odamlardan so‘rasangiz, bir men emas, balki butun qilichbozlar oilasi undan sportning bu turini targ‘ib qilish yo‘lida yangi musobaqa turlarini joriy qilish, OAVda keng targ‘ibot bilan ta'minlash, ba'zi qoidalarga o‘zgarishlar kiritish, eng yaxshi taqdimotlarni o‘tkazish orqali berayotgan yordamidan minnatdor. Bu haqiqatda katta ish. Tavallud ayyom muborak, do‘stim Alisher!", - deydi Tomas Bax.
Alisher Usmonovning o‘zi iqtisodiy hamkorlik haqida shunday deydi: "Barcha bilan ezgu iqtisodiy hamkor bo‘lish kerak, shunda biz o‘z markazlariga ega ko‘p qutbli dunyoda yashaymiz. Ulardan biri - albatta, Amerika Qo‘shma Shtatlari, ikkinchisi, qat'iy aytish mumkinki - Xitoy Xalq Respublikasi, uchinchisi - Yevropa Ittifoqi. Biroq shu bilan birga Lotin Amerikasi va Osiyo-Tinch okeani mintaqalari ham bor. Bu kuchlarni global muvofiqlashtirish - hisoblashish kerak bo‘lgan reallik demakdir".
Darvoqe, Alisher Usmonovning ish xonasida onasining surati osig‘liq turadi. Shubhasiz, u o‘zining hamkasb zamondoshlaridan ajralib turadi.
So‘nggi kunlarda
Telegram messenjeridagi AviaSpotter kanali ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Toshkent xalqaro aeroportiga jahonning turli badavlat hamda mashhur kishilariga tegishli shaxsiy va tijoriy aviaqurilmalar qatnovi faollashgan. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda taniqli san'at namoyondalarining Toshkentga tashrif buyurayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu Alisher Usmonovning 9 sentabr kuni Toshkentda nishonlanadigan tavallud kuni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Mavzuga oid
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024