10:42 / 10.09.2018
8180

Gaz xo‘jaligida xavfsizlik qoidalari tasdiqlanishi kutilyapti

Foto: Kacper Pempel/Reuters

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida "Sanoatgeokontexnazorat"ning Gaz xo‘jaligida xavfsizlik qoidalari loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, qoidalar quyidagilarga tatbiq qilinadi:

aholi punktlarida joylashgan gaz ta'minoti tizimiga;

sanoat va kommunal-maishiy korxonalarning gaz quvurlariga hamda undagi qurilma va jihozlarga.

Qoidalar quyidagilarga tatbiq qilinmaydi:

turar joylar va ulardagi ichki gaz quvurlari va gaz jihozlariga;

kimyo, neft-kimyo, neftni qazib chiqarish va neftni qayta ishlab chiqarish korxonalarining texnologik gaz quvurlari va gaz jihozlariga;

metallurgiya ishlab chiqarish sohasi va qora metallurgiya korxonalarining gaz xo‘jaliklariga;

gaz bilan ishlayotgan tajriba va eksperimental agregatlariga va qurilmalariga;

avtomobil, temir yo‘l transporti, daryo, dengiz va havo kemalarining gaz jihozlari, shuningdek, gazdan foydalanadigan ko‘chma qurilmalariga;

gaz-havo aralashmalarining portlash kuchidan foydalanuvchi yoki himoya gazlari olishga mo‘ljallangan qurilmalarga.

Gaz jihozlari, uskunalari, asboblari va ularning qismlari, shu jumladan, chet eldan keltiriladiganlari texnik reglamentlar yoki standartlar talablariga mos kelishi, O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga binoan muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi kerak.

Gaz xo‘jaligi tizimlari obektlaridan foydalanishda loyihalash, qurish, ta'mirlash, texnik nazorat qilish, avtomat, himoya va signalizatsiya tizimlarini sozlash ishlarini bajaruvchi korxonalar va ularning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, mutaxassislari hamda gaz ta'minoti tizimiga ishchi kadrlar tayyorlovchi o‘qituvchilar mazkur Qoidalarning talablariga muvofiq, ishlab chiqarishlar, obektlar hamda ishlarga doir xavfsizlik yo‘riqnomalari va me'yorlarini, ular bajaradigan ishlar hajmida bilishlari bo‘yicha zarur tayyorgarlikdan va tekshiruvdan (sinovdan) o‘tishlari kerak.

Maishiy gaz asboblaridan xavfsiz foydalanishga javobgar shaxslar kamida bir yilda bir marta gaz xo‘jaligi korxonalarida yo‘riqnomadan o‘tishlari kerak.

Po‘lat va polietilen gaz quvurlarini payvand qilish ishlarini bajarish texnik o‘quv kurslarida o‘qitilgan va attestatsiyadan o‘tkazilgan payvandchilarga ruxsat etiladi.

Gaz jihozlari, texnik qurilmalar, gaz quvurlaridan foydalanish va sozlash, qurish, avtomatik himoya va signalizatsiya tizimlari, elektr kimyoviy himoya qilish vositalari, shuningdek, gazda ishlovchi qurilma va asboblaridan foydalanish bilan band bo‘lgan ishchilar, mustaqil ishga qo‘yilishidan oldin tajribali ishchi rahbarligida o‘n kunlik ish amaliyotidan o‘tishlari kerak.

Gaz xo‘jaligi tizimlari obektlarini loyihalash ishlari qonunchilikda belgilangan tartibda litsenziyaga ega bo‘lgan, ixtisoslashtirilgan loyihalash tashkilotlari tomonidan bajariladi.

Shaharlar, aholi yashaydigan joylar va gaz iste'molchilarining gaz xo‘jaligi tizimlari obektlarini loyihalashtirishda gaz bilan uzluksiz va xavfsiz ta'minlashni, shuningdek ularda va sanoat korxonalarining gaz xo‘jaligi tizimlaridan tezkorlik bilan o‘chirish imkoniyatini ta'minlashi kerak.

Gaz ta'minoti tizimlarini qurish va o‘rnatishga oid loyiha hujjatlari shaharsozlik norma qoidalari, qurilish me'yoriy qoidalari va davlat standartlariga mos kelishi kerak.

Gaz xo‘jaligidagi tabiiy gazdan yoqilg‘i sifatida foydalanuvchi texnik qurilmalarni loyihalashda, o‘rnatilgan tartibda muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan gaz analizatorlar majburiy tartibda quyidagi obektlarda o‘rnatilishi ko‘zda tutulishi kerak:

- tomdagi va operatorsiz qozonxonalarga;

- quvvati 300KVtdan ortiq bo‘lgan qozonxonalarga;

- hajmi yiliga 100 000 m3dan ortiq tabiiy gazdan foydalanuvchi boshqa qurilmalarga.

Gaz xo‘jaligidagi suyultirilgan uglevodorod gazdan yoqilg‘i sifatida foydalanuvchi texnik qurilmalari loyihalashda, o‘rnatilgan tartibda muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan gaz analizatorlar majburiy tartibda quyidagi obektlarda o‘rnatilishi ko‘zda tutilishi kerak:

- hajmi 150 litrdan ortiq bo‘lgan guruhiy ballonli qurilmalarga;

- avtonom tizimili gaz ta'minotiga;

-suyultirilgan uglevodorod gazdan foydalanuvchi qozonxona va boshqa qurilmalariga.

Gaz analizatorlarni quyidagicha o‘rnatilishi zarur:

tabiiy gazdan yoqilg‘i sifatida foydalanuvchi texnik qurilmalar o‘rnatilgan xonaning yuqori qismiga (xona shipidan 30 smdan pastda bo‘lmasligi lozim);
suyultirilgan uglevodorod gazdan yoqilg‘i sifatida foydalanuvchi texnik qurilmalar o‘rnatilgan xonaning past qismiga (xona polidan 30 smdan yuqori bo‘lmasligi lozim).

Loyiha hujjatlari berilgan texnik shartlarga mos ravishda bajarilganligi tekshirilib, gaz xo‘jaligi korxonasi bilan kelishilgan bo‘lishi kerak.

Gaz xo‘jaligi tizimlari obektlarini loyihalash, qurish, kengaytirish, rekonstruksiya qilish, texnik qurollantirish, konservatsiya qilish, tugatish va foydalanish, O‘zbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq bajarilishi kerak.

Top