20:20 / 10.09.2018
5291

UYeFA YeChL finalini Nyu-Yorkda o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda

UYeFA Chempionlar ligasining final uchrashuvini AQShning Nyu-York shahrida o‘tkazish borasida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Ispaniyaning mediamahsulotlar bilan shug‘ullanuvchi gigant kompaniyasi – Mediapro asoschisi Xaume Roures ma'lum qilgan.

Mediapro bosh direktorining Catalunya radiosidagi shou vaqtida bergan ma'lumotiga ko‘ra, Yevropa futbolining bosh tashkiloti qabul qilgan ushbu qaror zamirida chempionat o‘yinlarini Shimoliy Amerikada o‘tkazish borasida shartnoma imzolagan La Liga rahbariyatining g‘oyasi yotibdi.

«Muzokaralar davom etmoqda. Chempionlar ligasining final o‘yinini Nyu-Yorkda o‘tkazish imkoniyatlari o‘rganib chiqilyapti», - degan Roures. Kataloniyalik mediamagnat ayni voqelikning batafsil tafsilotlariga, xususan YeChLning qaysi mavsumi haqida gap ketayotganiga to‘xtalmagan.

Avvalroq UYeFA prezidenti Aleksander Cheferin YeChL o‘yinlari 2024 yilga qadar faqat Yevropa hududida bo‘lib o‘tishishini ishonch bilan ta'kidlagan edi.

«Bir paytlar mendan: «Chempionlar ligasi o‘yinlari xorijda, masalan Nyu-Yorkda o‘tkazilishi mumkinmi?» deb so‘rashganida, nega endi mumkin bo‘lmasin ekan, deya javob bergandim. Ko‘pchilik buni xuddi UYeFAning aniq rejasidek qabul qilgan edi.

Hozir shuni aytishim mumkinki, 2024 yilgacha hech narsa o‘zgarmaydi – YeChL o‘yinlari faqat Yevropa hududida bo‘lib o‘tadi. 2024 yildan so‘ng nima bo‘lishini keyin muhokama qilamiz», - degan edi UYeFA rahbari.

«Ispaniya chempionatiga kelsak, La Liga o‘yinlarini AQShda o‘tkazish uchun Ispaniya futbol federatsiyasi, UYeFA, AQSh futbol federatsiyasi va KONKAKAF bilan kelishuvga erishishi kerak.

Umuman olganda, men bu g‘oyaga qarshi emasman. Biroq buni tasdiqlash jarayoni anchagina vaqt talab qiladi. Menimcha, La Liga hammasini kelishib olgandan keyingina o‘z rejalarini e'lon qilgani ma'qulroq edi», - degan Cheferin avgust oyi oxirida bergan intervyusida.

Mavzuga oid
Top