08:01 / 08.10.2018
8684

O‘zbekiston II chorakda Rossiyadan 748,8 mln dollar pul o‘tkazmalarini qabul qildi

Foto: Abed Rahim Khatib\Zuma\TASS

2018 yilning ikkinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga to‘lov tizimlari orqali o‘tkazilgan jismoniy shaxslarning pul o‘tkazmalari miqdori 748,8 mln dollarni tashkil etdi. Bundan Rossiya Markaziy banki ma'lumotlari darak bermoqda.

Idora ma'lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida Rossiyadan O‘zbekistonga jo‘natilgan pul miqdori o‘rtacha 425 dollarni tashkil qilgan.

Shu bilan birga, 2018 yilning ikkinchi choragida O‘zbekistondan Rossiyaga 32 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘ jo‘natildi. O‘zbekistondan Rossiyaga jo‘natilgan o‘rtacha pul miqdori 914 dollarni tashkil etdi.

Rossiya Markaziy banki ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilning ikkinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga transchegaraviy o‘tkazmalarning umumiy hajmi 1,07 milliard dollardan oshdi, O‘zbekistondan Rossiya Federatsiyasiga - 95 million dollar.

Rossiyadan O‘zbekistonga yilning birinchi choragida jami 726 mln dollar pul o‘tkazilgandi. 2018 yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonga Rossiya fuqarolari tomonidan 200 mln dollardan, norezidentlar tomonidan esa 525 mln dollardan ortiqroq pul jo‘natilgan. Bir o‘tkazmaning o‘rtacha miqdori 314 dollarni tashkil qiladi. Shu davr mobaynida Tojikistonga 487 million dollar, Qirg‘izistonga 434 million dollar o‘tkazilgan.

Top