00:08 / 09.10.2018
139851

Insult - eng ko‘p tarqalgan o‘lim sabablari orasida uchinchi o‘rinda turuvchi kasallik

KUN.UZ sog‘lom hayot loyihasi orqali bugungi kunda ko‘p uchrayotgan kasalliklar to‘g‘risida ma'lumot berishda davom etadi. Bugungi mavzumiz eng ko‘p tarqalgan o‘lim sabablari orasida uchinchi o‘rinda turuvchi miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi- insult haqida. Xo‘sh, insult qanday kasallik? Uning kelib chiqish sabablari, alomatlari, tashxis va davolash usullari qanday? Bu savollarga tajribali shifokor tibbiyot fanlari doktori, professor, nevrolog Baxtiyor G‘afurov bilan birgalikda javob izlaymiz.

Video: Facebook

Video: TasIX

Video: YouTube

Insult — miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi bo‘lib, bu kasallik o‘choqli yoki umumiy nevrologik belgilarning paydo bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Kasallik o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha yurak-qon tomir va onkologik kasalliklardan so‘ng uchinchi o‘rinni egallaydi.

Kelib chiqish sabablari

Insultga emboliya yoki tromboz sabab bo‘lishi mumkin. Miya arteriyasi yorilishi gipertoniya, tug‘ma qon tomirlari nuqsonlari, anevrizmalar, jiddiy jarohatlar oqibatida paydo bo‘lishi mumkin.  

Insultning belgilari:

  • To‘satdan zaiflik, uyqusizlik, yuz mushaklarining falajlari (odatda tananing bir tomonida);
  • Nutqni yo‘qotish;
  • Bir yoki har ikkala ko‘zning ko‘ra olish qobiliyati buzilishi;
  • Bosh aylanishi va o‘tkir bosh og‘rig‘i;
  • Muvozanat yo‘qolishi va yurishning keskin buzilishi.

Insultni tashxislash

Insult eng muhim diagnostik tadqiqotlar, xususan kompyuter tomografiya (KT) va magnit-rezonans tomografiya (MRT) asosida tashxislanadi. Ko‘p hollarda, kompyuter tomografiya yordamida insult va boshqa turdagi «yangi» miya qon quyilishlarini farqlash mumkin.

MRT yordamida ishemiya maydonlarni aniqlash, shuningdek, ishemik miya zarari tarqalishini baholash mumkin. MRT gemorragik insultni ishemik insultdan farqlash, shuningdek, ta'sir maydoni va uning kattaligi aniq o‘rnini aniqlash imkonini beradi. Bundan tashqari, MRT yordamida o‘xshash alomatlar bo‘lgan boshqa kasalliklarni istisno qilish mumkin.

Ishemik insultda ham bir qator, jumladan bo‘yin va miya tomirlarining ultratovush tekshiruvi (UTT), exokardiografiya, miya angiografiyasi kabi qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkaziladi.

Statistik ma'lumotlarga qaraganda, ishemik insult gemorragik insultga qaraganda 8-9 marta  ko‘p uchraydi. Ya'ni ishemik insult insultning asosiy turi,- deydi tibbiyot fanlari doktori, professor, nevrolog Baxtiyor G‘afurov.

Ishemik insultning asosiy sababi miya tomirlarining aterosklerozidir. Xastalik keksa yoshlilar, ko‘pincha yurak kasalliklari va qon ivishi ortgan kishilarda uchraydi. Insult ba'zida uyqu vaqtida yuzaga keladi. Bemor uyg‘ongach, holsizlik, qo‘l-oyoqda quvvatsizlanish, bosh aylanishini sezadi. Bunda es-hushi joyida, teri odatdagi rangda bo‘ladi. Nevrologik belgilar shikastlangan tomir joylashuviga qarab, bir necha daqiqa yoki soat ichida o‘sib boradi. Umumiy yoki ichki uyqu arteriyasi tiqilib qolganda, tromboz bo‘lgan tarafda ko‘rish buziladi, teskari tarafda qo‘l va oyoqlar harakati buziladi.

Ishemik insultda o‘lim ko‘rsatkichi miyaga qon quyilishiga nisbatan kam bo‘lishiga qaramay, kasallik ko‘pincha og‘ir kechadi. O‘choqli belgilar maromiga tushgach, tiklanish davriga o‘tadi va bu oylab, yillab davom etadi.

O‘tkir ishemik insult bemorning yoshiga, patologik o‘choqning ko‘lamiga takroriy insultning qo‘shilishi va kardial asoratlar bilan kechadi.

Bemorlar insultga bir necha kun qolganda bosh og‘rig‘i, holsizlik, bosh aylanishi, ko‘z oldi qorong‘ilashish, qo‘l-oyoqda uvishish holatlarini his etadi. Belgilar kuchayib boradi va bir kunda qo‘l-oyoqlarning tortishishi paydo bo‘ladi. Bemor hushini yo‘qotmaydi, boshida tumanni his etadi. Ba'zida xastalikning kechishi bexosdan yuz beradi.

O‘rta og‘irlikdagi ishemik insultda miya shishi, hush yo‘qotish belgilarisiz kechadigan o‘choqli belgilar kuzatiladi. Og‘ir insultda esa, es-hush yo‘qotilishi, miya shishi, trofik o‘zgarishlar, qo‘pol o‘choq nuqsonlar bilan birga, kechuvchi umumiy miya belgilari bilan farqlanadi.
Miyaga qon quyilishining asosiy sababi xafaqon (qon bosimi) kasalligidir. Quyilgan qon miya to‘qimasini parchalaydi, miya pardalarini ta'sirlantiradi, bu miya va o‘choqli belgilarni yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Miyadagi patologik o‘choq paydo bo‘lishi miya ichki bosimini oshishi, es-hushning yo‘qolishi va hayotiy muhim funksiyalar – nafas olish, qon tomir tizimi, termoregulyatsiyaning buzilishiga sabab bo‘ladi. Bemor kuchli bosh og‘rig‘ini sezadi, hushidan ketib yiqiladi, kollapsga tushadi. Bunda puls zo‘riqishi shovqinli nafas, qorachiqlarning yorug‘likka reaksiyasining yo‘qolishi, qayt qilish kuzatiladi. Yuz to‘q qizil rangli, bemorning bosh va ko‘zi falaj bo‘lgan sohadan qarama-qarshi tomonga qaragan, falaj tomonda burun lab– burmasi silliqlashgan, og‘iz burchagi tushgan, yonog‘i tuslangan, oyog‘i tashqi tarafga burilgan bo‘ladi.

10-14 kundan so‘ng tiklanish davri boshlanadi. Dastlab oyoq, so‘ng qo‘l harakatlari tiklanadi, sezuvchanlik, nutq, ko‘rish, eshitish, psixik faoliyat yaxshilanadi.


Gemorragik insult – miya to‘qimasiga to‘r osti bo‘shliqqa yoki miya qorinchalariga qon quyilishi bilan xarakterlanuvchi miyadagi qon aylanishining o‘tkir buzilishi.  

Insultni davolash usullari

Insultni umumterapevtik davolash yurak-qon tomir tizimini normallashtirish, nafas olish funksiyasini tiklash, miya shishini kamaytirish, shuningdek, qaytalanishini oldini olish va asoratlarini davolashga qaratilgan. Insultni davolash tezda boshlanishi kerak. Birinchi bosqichda hali insult xarakteri aniqlanmagan paytda bemor hayotini saqlab qolishga qaratilgan davo muolajalari o‘tkaziladi. Bemor chalqancha, boshi sal ko‘tarilgan holatda yotqiziladi. Agoniya holatida ko‘chirish mumkin bo‘lmagan bemorlardan boshqa hamma insult bo‘lgan bemorlar maxsuslashtirilgan nevrologik bo‘limga yotqizilishi kerak. Bemorni ko‘chirish vaqtida ehtiyot bo‘lish, silkitmaslik lozim. Agar yurak faoliyati buzilishi o‘pka shishi bilan birga uchrasa, spirt bug‘i qo‘shilgan kislorod bilan nafas oldiriladi. Bemor boshi baland qilib yotqiziladi. Nafas olishi me'yorlashishi uchun elektr so‘rg‘ich bilan og‘iz bo‘shlig‘i, burun va xalqum shilliqlardan tozalanadi. Til orqaga ketishini oldini olish va nafas olishni yengillashtirish uchun og‘izga havo naychasini qo‘yish mumkin.

Insult bilan kasallangan bemorlar darhol yotqizilib, boshi baland ko‘tariladi va muzli xalta, oyoqlariga issiq grelka qo‘yiladi.

Insultning oqibatlari

Insult uzoq muddatli komaga, falajlikka, aql va xotirani yo‘qotishga olib kelishi mumkin. Og‘ir insult bemorning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin.

Insultning oldini olish

Insultning oldini olish qon bosimini muntazam ravishda o‘lchash orqali amalga oshiriladi. Gipertoniya bilan og‘rigan kishilar ayniqsa ehtiyotkor bo‘lishlari va shifokor buyurgan dori-darmonlarni qabul qilish, muntazam jismoniy mashqlar bajarish va ovqatlanishga cheklovlar kiritish kabi tavsiyalarga amal qilishlari kerak. Chekishni hamda alkogolli ichimliklar ichishni to‘xtatish va qonda qand darajasini nazorat qilish kasallik rivojlanishi ehtimolini kamaytiradi.

Asosiysi, qon bosimingizni doimiy nazorat qilsangiz, turli zararli odatlarni tashlasangiz, insult sizni bezovta qilmaydi.  

Mavzuga oid
Top