12:23 / 16.10.2018
19750

Javohir Sindarov 12 yoshida jahonning eng yosh grossmeysteri bo‘ldi

Foto: MOQ axborot xizmati

Budapesht shahrida “First Saturday GM” xalqaro turniri yakunlandi. Ushbu musobaqada yosh shaxmatchimiz Javohir Sindarov muvaffaqiyatli ishtirok etib, uchinchi grossmeysterlik talabini bajardi va 12 yoshida jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteriga aylandi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Javohir 12 yosh 10 oy 8 kunligida grossmeysterlik unvonini qo‘lga kiritib, jahon shaxmat tarixida ukrainalik Sergey Karyakindan (12 yoshu 7 oy) keyin ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Osiyoda qit'asida esa birinchi eng yosh shaxmatchi sifatida qayd etildi.

O‘tgan yili boshqa bir shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattarov (13 yoshu 1 oy 11 kunligida) grossmeysterlik talabini bajara olgandi va bu borada ikkinchi ko‘rsatkichni qayd etgandi. Shu yilning iyun oyida esa hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa 12 yosh 10 oy 13 kunda grossmeysterga aylanib, ikkinchi o‘ringa chiqib olgandi. Endi esa Javohir hind shaxmatchisini 5 kunga ortda qoldirdi va jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteri unvoniga sazovor bo‘ldi.

Ma'lumot uchun, bu yuksak unvonga shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen 13, jahon chempionlari Robert Fisher 15, Vladimir Kramnik 16, Garri Kasparov 17, Anatoliy Karpov, Vishanatan Anand 19, Mixail Tal 21, Tigran Petrosyan 23, Vasiliy Smyslov 29, Mixail Botvinnik 39 yoshida sazovor bo‘lishgan.

«Mazkur yutuqni qo‘lga kiritishimda ustozlarim Sabohat va Sirojiddin Zayniddinovlar, Akrom Toshxo‘jayev, Bobur Sattarov va xalqaro grossmeyster Marat Jumayevlarning bergan saboqlari, ota-onam, yaqinlarim, ayniqsa, bobom Komil Sindarov, ma'naviy ustozlarim Baxriddin Zaripov, Murtazo Rahmatovlarning qo‘llab-quvvatlashi, yurtimizda sportga yaratilgan shart-sharoitlar, Prezidentimizning shaxmatga e'tibori asosiy omil bo‘ldi», – dedi Sindarov O‘zA'ga bergan intervyusida.

Jahon shaxmat tarixida eng yosh grossmeysterlar ro‘yxati:

Mavzuga oid
Top