13:44 / 05.11.2018
20661

Ichki sayyohlar uchun chegirmalar e'lon qilindi: O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling!

O‘zbekistondagi mehmonxonalar, transport tashkilotlari va umumiy ovqatlanish joylari mamlakat bo‘ylab sayohat qilishni istovchilar uchun chegirmalar taqdim etadi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi

Butun respublika bo‘ylab 123 mehmonxona, 54 transport tashkiloti, 90 umumiy ovqatlanish joylari (restoranlar) chegirmalar taqdim etadi. Bu davlat hamda xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanayotgani, shuningdek past turistik mavsum davridan oqilona foydalanishga harakat qilinayotganiga ishora qiladi. 

Hozirda mamlakatimizning barcha hududlarida, markaziy ko‘chalar va aholi zich joylashgan joylarda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturiga oid reklama bannerlarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar boshlangan. Bugunga kelib o‘rnatilgan bannerlar soni 250 tadan oshgan bo‘lib, 320 tagacha yetkazilishi ko‘zda tutilgan. 

Joylarga sayyohlarni jalb qiluvchi obektlarni joylashtirish yo‘li orqali mintaqalarning turistik salohiyatini yoritishga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan bunday tadbirlarning o‘tkazilishi mahalliy aholining mazmunli hordiq olishi va past turistik mavsumda turizm obektlari bandligini ta'minlashga qaratilgan. 

Chegirmalarga oid batafsil ma'lumotni Qo‘mitaning rasmiy veb-sayti www.uzbektourism.uz yoki 71 233 67 19 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib olishingiz mumkin.

Top