O‘zbekiston | 22:49 / 04.05.2023
9763
4 daqiqa o‘qiladi

Yangi turpaketlar, ikki barobar arzon chiptalar - turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha qaror imzolandi 

Unda turizm salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish nazarda tutilgan. 

Prezident tomonidan «Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror imzolandi. 

Unda respublikaning turizm salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, birinchi navbatda transport-logistika va turizm infratuzilmasidagi muammolarni tezkor hal etish, shuningdek, mavjud resurslar va imkoniyatlardan har tomonlama foydalanish hisobiga turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish nazarda tutilgan. 

Jumladan, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Transport vazirligi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda respublikadagi oliy ta’lim tashkilotlarining hududlarning turizm salohiyatini oshirishga ko‘maklashish maqsadida oliy ta’lim tashkilotlariga tegishli hududlar biriktiriladi. 

Oliy ta’lim tashkilotlariga hududning turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha quyidagi vazifalar yuklatiladi: 

- hududning turizm salohiyatini o‘rganish, hudud va uning tarixi, turistik obektlari va o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida turli tillarda kontentlar yaratish, ularni targ‘ibot qilish hamda turpaketlar yaratishda yordam ko‘rsatish; 

- nazariy bilim va amaliyotning uyg‘unligini ta’minlagan holda professor va o‘qituvchilarning izlanishlari, talabalarning turizm sohasidagi nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirish; 

- hududlardagi aholi tomonidan turizm xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda kadrlarning malakasini oshirishda ko‘maklashish. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalariga xorijiy sayyohlarni O‘zbekistonga jalb qilish vazifasi yuklatiladi. 

O‘zbekiston Respublikasining turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targ‘ib qilishga 2023 yilda 50 milliard so‘m ajratiladi. 

Madaniyat va turizm vazirligi: 

a) bir oy muddatda: 

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda muzey va teatrlarning dam olish va bayram kunlarida, shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun qulay vaqtlarda ishlashini ta’minlaydi; 

vazirlikning yagona Call-markazida ko‘rsatilayotgan xizmatlar turlarini kengaytirish choralarini ko‘radi; 

b) 2023 yil 1 iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasining milliy turizm mahsulotlari va xizmatlarini xalqaro nufuzli turistik va marketing platformalarida reklama qilish xarajatlarini qoplab berish tartibi tasdiqlanadi. 

2023 yil 1 maydan “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan: 

Farg‘ona, Namangan yoki Andijondan Buxoro, Samarqand, Termiz, Urganchga, shuningdek, Termiz – Nukus, Samarqand – Urganch, Buxoro – Urganch, Farg‘ona – Urganch kabi yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi; 

Toshkentdan Nukus, Urganch, Buxoro, Qarshi va Samarqandga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yib, amaldagidan ikki baravargacha arzon tariflar joriy etiladi; 

2023 yil 1 maydan boshlab: 

- Qamchiq dovoni orqali yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchidan tashqari o‘n to‘rttagacha o‘rindiqqa ega bo‘lgan M2 toifadagi transport vositalariga; 

- Jizzax viloyatidagi dovonlar hamda Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlarida tegishli toifadagi yo‘llar orqali turistik avtobus va mikroavtobuslarga muntazam qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat beriladi. 

Madaniyat va turizm vazirligining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun respublika bo‘ylab sayohatlar tashkil etish maqsadida “Sayohat barcha uchun!” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha taklifi ma’qullandi. 

Madaniyat va turizm vazirligi mazkur loyiha doirasida 500 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar sayohatini tashkil qiladi hamda dastlabki bosqichda Xorazm, Buxoro va Samarqand viloyatlarida 100 nafar surdo-gidlarni tayyorlash bo‘yicha dasturni ishlab chiqadi.

Mavzuga oid