16:30 / 25.11.2018
14318

Munosabat: Gazeta kimga va nega kerak?

Avvalboshdan aytish joiz, quyida bildiradigan fikrlar faqat bosma nashrlar, bosma ommaviy axborot vositalari xususida. Bu mulohazalarning boshqa shakldagi OAVga aslo aloqasi yo‘q.

Bugun mamlakatimizda bosma nashrlarda faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlarning professional etikasiyu, ularning mahoratini oshirish, qayta tayyorlash bo‘yicha seminar-trening va ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda, bu borada tinimsiz tortishuvlar, fikriy muhorabalar bo‘lmoqda. Ayni holat qo‘pol bo‘lsa-da, hali qurilmagan yoki yiqilib tushish xavfi bor uyga qanday gilam to‘shaymiz, qanday jihozlaymiz qabilidagi tortishishga o‘xshaydi. Chunki avval prioritetli masala bo‘lgan savolga javob topish zarur. Ya'ni, avval uyni qurishni yoki uning yiqilmasligi chorasini ko‘rish kerak. Zero, hozir faqat mamlakatda emas, butun dunyoda bosma nashrlar bundan keyin mavjud bo‘ladimi yo‘qmi, degan savol dolzarb bo‘lib turibdi.

Bosma nashrlar ommaviyligining pasayishi bir nechta tendensiyalarning o‘sishi bilan bog‘liq. Birinchisi, internetdan keng ko‘lamda foydalanish imkoniyatining oshib borishi. Taxminlarimizga ko‘ra, O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni aholining 50-55 foizini tashkil etadi (albatta bularning barchasi aktiv foydalanuvchilar emas). Ikkinchi tendensiya – ijtimoiy tarmoqdan foydalanish davomiyligi va jadalligining oshishi. Ushbu ko‘rsatkich ham oshib bormoqda, hozirgi paytda ular o‘rta hisobda bir kunda uch soatni tashkil etadi. Uchinchi o‘ta muhim omil – mobil moslamalar sonining oshib borishi. Avvalo, planshet va smartfonlar soni ortib bormoqda, ulardan axborot olish uchun foydalanilmoqda va ko‘p jihatdan mazkur qurilmalar qog‘oz o‘rnini egallayapti. To‘rtinchi omil – uy kompyuteriga bog‘liq bo‘lmagan holda tarmoqdan keng miqyosda foydalanishni amalga oshirish imkonini beruvchi 5G tarmoqlarining qurilishi. U ta'minlaydigan tezlik hatto kichik shahar va qishloqlarda har qanday kontent, shu jumladan, video va audioni yuklab olish imkonini beradi.

Fikrimizcha, gazeta va jurnallar kelajagining uchta asosiy ssenariysini belgilab olish mumkin. Birinchi ssenariy yetarli darajada achinarli: aksariyat qismi yopilib ketadi. Bir qismi internetga ko‘chishga harakat qiladi. Ko‘pincha tarmoqqa o‘tish - yopilishga birinchi qadam hisoblanadi. Buning sababi oddiy: ayni paytda internet-versiyani zamonaviylashtirish muammoli hisoblanadi va yaqin kelajakda bu boradagi vaziyat tubdan o‘zgarmaydi. Ushbu achinarli ssenariy asosan «ikkinchi» va «uchinchi» darajali  nashrlarga, ya'ni, o‘z segmentida yetakchi bo‘lmagan nashrlarga tegishli. Yetakchilarga kelsak, ularning kelajagi kontentning sotilishi va homiylar moliyalaydigan materiallarning chop etilishi bilan bog‘liq.

Ikkinchi ssenariy – internet-versiyalarni bosma nashr modeliga ko‘ra monetizatsiya qilish. Bu o‘rinda so‘z paywall – internetda joylashtirilgan materiallardan pulli foydalanishni joriy etish haqida ketmoqda. Ushbu model muvaffaqiyatli bo‘lib, AQSh va G‘arbiy Yevropaning boshqa davlatlarida muvaffaqiyat bilan joriy qilinmoqda. Shuningdek, AQShdagi nashrlarning aksariyati hozirgi paytda ushbu tizimga o‘tgan.

Shuni ta'kidlash kerakki, paywall tizimini faqat doimiy auditoriyaga ega bo‘lgan nashrlarga nisbatan qo‘llash mumkin. Bu o‘rinda, eng avvalo, ishbilarmonlik va professional segment nazarda tutiladi. Bundan tashqari, paywall shakllangan auditoriyasiga ega jurnallar uchun ham amal qilishi mumkin. Bunday auditoriya pulli yondashuv joriy qilingan taqdirda bepul tarqatish modelini saqlab qolgan raqib nashrlarga o‘tib ketmaydi. Biroq, taxminimizcha, paywall yaqin yillarda OAV rivojlanishining eng ommaviy ssenariysiga aylanmaydi.

Nihoyat, uchinchi ssenariy, aksariyat hollarda, ayniqsa ommaviy segment nashrlarida qo‘llanib, u kontentning ommaviy tarqatilishiga o‘tishdan iborat bo‘ladi. Ya'ni, ommaviy nashrlar asta-sekin auditoriya ko‘lamini kengaytirish va tirajni oshirish uchun nashrni bepul tarqatish yo‘liga o‘tadi. Shuningdek, ular muassislik qiladigan saytlardagi kontent ham bepulligini saqlab qoladi. Amalda bosma va elektron versiyalarni reklama materiallari bilan to‘ldirishga, jumladan homiylik kontent ulushini oshirishga urg‘u beriladi. Bizda odatda homiylik kontenti masalasi oshkora muhokama qilinmaydi. Holbuki, AQShda unga o‘tish keyingi yillarda media bozorning asosiy trendiga aylandi. Gap bu yerda jurnalistik, muayyan tahririyatga oid, reklama, tashviqotga doir bo‘lmagan, jurnalistlar tomonidan tayyorlangan, ammo ularning chop etilishini u yoki bu manfaatdor tomon moliyalashtirgan materiallar haqida ketmoqda. Shunga qaramay, ushbu materiallarda jurnalistikaga oid barcha elementlar mavjud: ular mazmunli va reklama xarakteriga ega emas. Ishonchimiz komilki, yaqin yillarda ushbu bozor madaniylashgan shakllarga o‘tadi. Soni o‘sib, sifati yaxshilanib boradi. Nashrlar daromadi tarkibi aynan ana shunday materiallarga bog‘liq bo‘ladi. Misol tariqasida bu o‘rinda Amerikaning eng «keksa» nashrlaridan biri bo‘lmish The Atlantic jurnalini keltirish mumkin. Uning daromadlari tarkibida 50 foizga yaqin qismni aynan homiylik ulushi tashkil etadi. Yana bir misol – Forbes nashri. Unda homiylik umumiy daromadning taxminan 20 foizini qamrab oladi.

Bir jihatdan olib qarasak, gazeta nashrlarida boshqa internet-loyihalarga nisbatan raqobat ustunligi mavjud – ularni qo‘llab-quvvatlovchi, shakllanib ulgurgan o‘z auditoriyasi bor. Bu esa internet tarmoqning demografik rivojlanish tendensiyalari bilan bog‘liq. Internet-foydalanuvchilarning asosiy oqimini bugungi kunda yoshlar tashkil etmaydi, katta avlod vakillari esa ma'lum gazeta nomlariga o‘rganib qolgan. Endilikda, internet saytlariga murojaat qilar ekan, ular tanish gazetalarning internet-versiyasini afzal ko‘radi, ularning doimiy auditoriyasiga aylanadi. Shu sababli gazetalar internetda muhim raqobatchilik ustunligiga ega va undan foydalanish zarur.

Gazetaning kelajagi haqida xulosa shuki, inson tabiatining tabiiy instinkti bo‘lmish o‘qish – aynan qog‘ozdan o‘qishga moyillik mavjud bo‘lar ekan, bosma nashrlar hech qachon o‘lmaydi.

Gazeta – yoki mahsulot, yoki informatsion siyosat qurolidir

Tushunilishi va qayta idrok etilishi kerak bo‘lgan narsa shuki, gazeta – informatsion bozorda talab kuchli mahsulot yoki kompaniya, korporatsiya, siyosiy tashkilotlar va davlatning informatsion targ‘ibot qurolidir. Aynan bu ikki toifadan qaysi biri ekaniga qarab gazeta yoki jurnallarning formati belgilanadi (shu o‘rinda aksariyat hollarda «sariq matbuot», deya ayri toifa sanamoqchi bo‘lganlarga «sariq matbuot» ham aslida talab bo‘lgan mahsulot sirasiga kirishini aytib o‘tmoqchimiz).

Bosma nashr elektron nashrlardan farqli o‘laroq, tarix yaratilish jarayonida muhimroq ahamiyat kasb etadi. Ya'niki, tarix qog‘ozda yoziladi va chop etilgan yoziqni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Elektron nashrlardagi ma'lumotlarni esa bir zumda o‘zgartirish, o‘chirib tashlash, boshqa matn bilan almashtirish imkoniyatining kattaligi tabiiy ravishda insonning bosma nashrlarga ishonchini yuksaltiradi.

Hukumat qarorlariyu, qonunlar shu sababdan bosma nashrlarda (ya'ni o‘zgartirib, almashtirib yoki o‘chirib bo‘lmaydigan (!) – ya'ni qog‘ozda) e'lon qilingandan so‘ng kuchga kirishi bejiz emas.

Gazetaga o‘tgan asrga qaragandek qarashga odatlanish, uning ahamiyatini mensimaslik – eng kamida tarix ahamiyatini mensimaslikdir.

Bosma nashrlarga marketing boshqaruvi zarur

Sog‘lom bozor munosabatlari davrida nashrlarni boshqarishda eski boshqaruv tizimidan voz kechish kerak. Xususan, har bir nashrda bosh muharrir faqat va faqat nashrning ijodiy faoliyatiga rahbarlik qilishi shart. Nashrning iqtisodiy faoliyati bilan bog‘liq jarayonlarni: marketing o‘tkazish, obuna yoki sotuvni tashkil etish, reklama siyosatini boshqarish bilan nashrning bosh menejyeri shug‘ullanishi kerak. Umuman olganda esa katta yoki kichik nashr bo‘lishidan qat'i nazar, menejyer va bosh muharrir o‘rtasida «sen kattami, men katta?» muammosi bo‘lmasligi zarur.

Bugungi zamon talabi shuki – qaysi lavozimda qaysi shaklda faoliyat yuritmaylik, ish joyimiz biz rizq topadigan joy ekani, shaxsiy egolarimizni qondiradigan vosita emasligini anglab yetishimiz kerak. Agar shaxsiy egolarimizni umumiy mushtarak maqsad – ishni rivojlantirishdan ustun qo‘ysak, buning badalini ko‘proq va og‘irroq to‘laymiz. Ishimiz xonavayron bo‘ladi. Xodimlarning rizqi kesilishiga sabab bo‘ladi. Jamiyat uchun esa ijtimoiy asorati – faqat zarardir. Ya'ni, sog‘lom bozor munosabatlarida yutuqqa erishishning eng birinchi sharti ishga munosabatni, tafakkur va mushohada tarzimizni modernizatsiya qilishdir. Yo‘qsa, g‘o‘ddayib yurishdan boshqasiga yaralmaydi.

Bozor munosabatlarida muvaffaqiyat kalitlaridan yana biri – mahsulot tannarxining imkon qadar arzonligidir. Bosma nashrlarda ham ularning savdosi o‘sishida nashrning tannarxi mushtariylar uchun cho‘ntakbop bo‘lishi kerak. Ammo, qog‘oz narxining bir tarafdan 2016-2018 yillarida jahon bozorida qariyb 55-65 foizga (mamlakatimizda valyuta liberalizatsiyasi natijasida bu narx ichki bozorda qariyb 185 foizga) o‘sishi bosma mediamahsulotlarning tannarxi keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Ustiga ustak, qog‘oz importi bozori bir nechtagina yirik kompaniyalar qo‘lida bo‘lgani sabab boshqa importyor kompaniyalar ichki bozorda sog‘lom raqobat qila olmayapti. Shundan kelib chiqsak, bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida hech bo‘lmasa keyingi ikki yilda qog‘oz importini davlat o‘z monopoliyasiga aylantirib turishi lozim. Ya'ni, har bir nashr yoki bosmaxonaga qog‘ozni to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlatdan sotib olish imkoniyati yaratilsa, bosma nashrlar va matbaa sektori ancha oyoqqa turib olishi uchun imkon yaratilgan bo‘lar edi.

Hukumat bir qarorga kelishi kerak

Majburiy obunaga barham berilishi ortidan ayrim gazetalarning aslida faqat ma'muriy dastak orqali muvaffaqiyatga erishib kelayotgani ma'lum bo‘lib qoldi. Masalaning axloqiy tarafi olib qaralsa, o‘z faoliyatini xokisor mehnatkashning majburiy undirilgan puli evaziga «muvaffaqiyatli» olib borish eng kamida borib turgan adolatsizlikdan boshqa narsa emas. Ammo, bu degani – «Bosma nashr umuman kerak emas!» degani ham emasdir.

Shu yerda savol tug‘iladi: «Unda kimga kerak?». Gazeta agar media bozor mediamahsuloti sifatida bo‘lsa, uning muassisiga iqtisodiy foyda keltirish uchun (albatta qonunlarga qat'iy amal qilgan holda), yo‘q, agar kompaniya, korporatsiya, siyosiy tashkilotlar yoki davlat hokimiyatiga siyosiy-ijtimoiy targ‘ibot vositasi sifatida bo‘lsa, o‘z manfaatlari va siyosatini targ‘ib etish uchun kerak. Shunday ekan, muassislar nashrga ketadigan xarajatlarni qoplashi lozim. Istagan iste'molchi sotib olsin, tekin tarqatilsa, tekinga olsin. Lekin mahsulotni ishlab chiqarish xarajatlari aslo xalq hisobidan amalga oshirilmasligi kerak!

Bugun iqtisodiy tanazzul yoqasiga kelib qolgan tuman va viloyat hokimiyatlari tasarrufidagi gazetalar agar mahalliy hokimiyatlarga o‘quvchi savodxonligini oshirish, islohotlarga jalb etish, umuman targ‘ibot vositasi sifatida zarur bo‘lsa (vaholanki, bu tabiiy ehtiyoj davlat uchun), ularni moliyaviy dastaklash yo‘lini ham muassislar ko‘rishi zarur. Xuddi shunday kompaniya va korporatsiyalar ham.

Tuman va viloyat gazetalari masalasida hukumat aniq bir qarorga kelishi kerak: muassisi mahalliy hokimiyat bo‘lgan tuman, viloyat yoki respublika bosma nashrlari hukumatga kerakmi yoki yo‘q? Agar kerak bo‘lsa, ularning faoliyati uchun moliyaviy manba topishi zarur. Xususiy nashrlar esa bozor munosabatlari sharoitida o‘z raqobotbardoshligini oshirish uchun keng tarmoqlilikdan tor tarmoqlilikka o‘tishga majbur.

Grant ajratish tizimi eskirdi

OAVni qo‘llab-quvvatlash masalasida grant ajratish amaliyoti butun jahonda o‘zgarmoqda. O‘zimiz guvohi bo‘lganimiz ko‘p holda, OAVni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘ birinchidan faqat o‘sha grant doirasida faoliyatni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. OAV u mablag‘ni iqtisodiy foyda ko‘rish loyihalariga yo‘naltira olmaydi. To‘g‘ri, ko‘pgina nashrlar grant yordamida oyoqqa turib olib, keyin o‘zini o‘zi bemalol moliyalashtira oladi. Ammo bunday nashrlar soni juda ko‘p borsa umumiy sonning 10 foizini tashkil qiladi (ayniqsa majburiy obunaning yo‘qolishi asl holatni ko‘rsatib bermoqda). Ikkinchidan, aksariyat hollarda grant olingandan so‘ng ishning susayishi kuzatiladi. «Mablag‘ topdik, endi bir yil mazza qilib yeb, ishlab yuramiz, u yog‘i bir gap bo‘lar» tafakkuri sohani tanazzulga olib kelmoqda. Uchinchidan, grant ajratgan muassasa o‘z shartlarini bajarishga majbur qiladi (bu qonuniy va tabiiy), bu esa mustaqil va xolis faoliyat yuritish imkonini yo‘qqa chiqaradi. Masalan, qaysidir tashkilotdan grant olgan OAV hech qachon o‘sha tashkilot to‘g‘risida salbiy material e'lon qilmaydi (o‘zbekchilikka ham, odamgarchilikka ham to‘g‘ri kelmaydi, «tuzni yeb, tuzluqqa tupurish» sifatida ko‘riladi).

Taklifimiz shundan iboratki, grantlar orqali moliyalashtirish emas imtiyozli kreditlash tizimiga o‘tilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Buning uchun bizga yangi moliyaviy tuzilma «MeDIA BANK» (haqiqiy bank muassasi) tashkil etilishi kerak. Media Bank o‘z moliyaviy funksiyalarini bajarish, xizmat ko‘rsatishdan tashqari OAV uchun yillik imtiyozli kreditlash bilan shug‘ullanadi. Natijada, birinchidan, OAV grantdan farqli o‘laroq «pulni qaytarishim kerak» mas'uliyat tushunchasi bilan harakat qiladi (ya'ni munosabat tafakkur o‘zgaradi), ikkinchidan OAV media-biznes loyihalar uchun zarur bo‘lgan moliyaviy manbani topadi. Uchinchidan, past foizli imtiyozli kreditlash orqali faqatgina OAVni emas, OAV xodimlarining ijtimoiy ahvolini yaxshilash imkoni paydo bo‘ladi. To‘rtinchidan, so‘z erkinligini ta'minlashda muhim omil bo‘lgan iqtisodiy qaramlilik muammosi hal bo‘ladi. Eng asosiysi, davlat qilib berishi kerak degan eskicha tafakkur, OAVni moliyalashtirishdagi eski tizim o‘zgaradi.

Asl haqiqat shuki, bugun Vatanimizning eng chekka, huv olis tumanida yoki qishlog‘ida yashayotgan yurtdoshlarimizning haq va huquqi shaharda yashovchilarnikidan mutlaqo kam emas. Biroq mamlakat aholisining ko‘proq qismini tashkil etuvchi olis qishloqlarda istiqomat qilayotgan zahmatkash xalqimizning yarmida har kuni internetga kirishga yo imkon yo‘q, yoki hafsala yo‘q. Balkim vaqt ham yo‘qdir (hududlardagi elektr ta'minoti bilan bog‘liq masala alohida mavzu). Chunki u zahmatkashning qo‘lidagi ketmoni yoxud ish asbobi doimiy harakatda. U bizdan farqli o‘laroq, chin mehnat bilan band. Shuning barobarida o‘z mamlakatiga e'tiqodi yuksak. Uni esa o‘z qishlog‘ida dunyodan xabar oladigan yagona vosita – gazeta o‘qish imkonidan mahrum etishga hech kimning ma'naviy haqqi yo‘q!   

Said-Abdulaziz YuSUPOV

Sangtarosh Usta.

Mavzuga oid
Top