01:53 / 08.12.2018
10866

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tashkil etilmoqda

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5590-sonli farmoni qabul qilindi.

Prezident farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tashkil etilmoqda hamda quyidagilar uning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanmoqda:

  • keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yanada takomillashtirish va muvofiqlashtirishga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordamning yagona siyosatini shakllantirish va amalga oshirish;
  • nogironlikni belgilashning keng qamrovli yagona tizimini yaratish maqsadida normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish;
  • tibbiy-ijtimoiy muassasalarning keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
  • muhtoj shaxslarni protez-ortopedik buyumlar va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta'minlash faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
  • tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish va ularni muvofiqlashtirish.

Agentlik mustaqil yuridik shaxs bo‘lib, o‘z balansi, bank muassasalarida hisob varaqlari, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan muhriga ega bo‘ladi.

Unga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi.

Agentlik direktori o‘z maqomi, maishiy, tibbiy va transport xizmati shart-sharoitlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

“Muruvvat” va “Saxovat” internat uylari, Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun hududiy reabilitatsiya markazlari, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy va pansionatlar, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun respublika ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari, Odam savdosi qurbonlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi belgilangan tartibda Vazirlik tarkibidan Agentlik tasarrufiga o‘tkaziladi.

Mavzuga oid
Top